Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining 2025-yil 11-fevraldagi 3/15-11-17-sonli xati ijrosi yuzasidan Jizzax politexnika institutida Milliy qadriyatlar oyligi doirasida “Milliy qadriyatlar – millat ma’naviyatining ko‘zgusi” mavzusida tadbir o‘tkazildi.
Har bir millatning o‘ziga xos tarixi, madaniyati, urf-odati va qadriyatlari bo‘ladi. Ana shu qadriyatlar xalqning o‘zligini belgilaydi, ularning dunyoqarashi, turmush tarzi, orzu-umidlari bilan chambarchas bog‘liq bo‘ladi. Zero, milliy qadriyatlar – bu millat ma’naviyatining ko‘zgusi, uning qalb oynasi va ruhi hisoblanadi.
Jizzax politexnika institutida xodimlar hamda talaba-yoshlar o‘rtasida milliylikni targ‘ib qilish, ularni davom ettirishga alohida ahamiyat qaratiladi. Institutda tashkil etilgan navbatdagi tadbirda Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi boshlig‘i M.Xolbekova, Institut xotin-qizlar masalalari bo‘yicha rektor maslahatchisi N.Gulboyeva, Sanoat texnologiyalari fakuleti xotin-qizlar masalalari bo‘yicha dekan maslahatchisi H.Yodgorova, Kimyo muhandisligi fakulteti xotin-qizlar masalalari bo‘yicha dekan maslahatchisi A.Mamaraximova, barcha fakultet Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy bo‘yicha dekan maslahatchilari, tyutorlar hamda talaba-yoshlar ishtirok etdi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar mavzu yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bayon etib, batafsil tushuncha va tavsiyalar berishdi.
Milliy qadriyatlar deganda biz – ajdodlarimizdan meros bo‘lib qolgan urf-odatlar, an’analar, odob-axloq me’yorlari, til, din, hunar va san’at kabi boy madaniy merosni tushunamiz. Bu qadriyatlar nafaqat o‘tmishdagi hayot tarzini aks ettiradi, balki bugungi va kelajak avlodning ma’naviy kamolotida muhim rol o‘ynaydi.
Masalan, mehmondo‘stlik, kattalarga hurmat, kichiklarga izzat, halollik, or-nomus, vatanparvarlik kabi fazilatlar bizning milliy qadriyatlarimizning ajralmas qismidir. Ular har bir oila, mahalla, jamiyatda asrlar davomida saqlanib, har avlod qalbiga singdirilib kelinmoqda.
Shu o‘rinda, bugungi globallashuv davrida milliy qadriyatlarimizni asrab-avaylash, yoshlar ongiga singdirish juda muhim. Chunki yot g‘oyalar, begona madaniyatlar milliylikni unutishga olib kelishi mumkin. Shu boisdan ham, maktablarda, oliy ta’lim muassasalarida, oila va jamiyatda milliy qadriyatlar targ‘iboti keng yoyilishi zarur.
Prezidentimiz ta’kidlaganlaridek, “Milliy qadriyatlarni asrash – bu kelajakni asrashdir.” Darhaqiqat, kim o‘z qadriyatini qadrlasa, u hech qachon yo‘qolmaydi. Zero, millatni millat qiladigan – uning tarixiy xotirasi, madaniy merosi va ma’naviy boyligidir.
Xulosa qilib aytganda, milliy qadriyatlarimiz bizni bir-birimizga bog‘laydigan rishta, millatimiz sha’ni va g‘ururi, ma’naviyatimizning asosi bo‘lib xizmat qiladi. Ularni qadrlaylik, asraylik va yoshlarga yetkazaylik – zero, qadriyat bor joyda birlik bor, baraka bor, kelajak bor.
Tadbir davomida talaba-yoshlar tomonidan milliy qadriyatlarimiz, madaniyatimiz, urf-odatlarimiz, an’analarimiz hamda turmush tarzimizni o‘zida aks etgan quyidagi badiiy chiqishlar qilindi.
Jumladan, Kibersport fakulteti talabalari ijrosida “Qoshingni qaro deydilar” nomli xalq laparlari aytishuvi taqdim etildi. Bu chiqish xalq og‘zaki ijodining jozibasi, samimiy tuyg‘ular va mehr-muhabbat taronasini o‘zida mujassam etdi.
Transport muhandisligi fakulteti tomonidan “Kim oladiyo shuginani yo” kabi milliy qo‘shiqlar ijro etildi.
Transport muhandisligi fakultetining iqtidorli talabalari ijrosida “Doira zarbi” musiqiy chiqishi qilindi.
Shuningdek, Qurilish muhandisligi fakultetining iqtidorli talabalari tomonidan “O‘zbekiston” qo‘shig‘i ijro etildi.
Tadbir davomida milliy qadriyatlarimizning chuqur mazmuni, ularning bugungi kun yosh avlod tarbiyasidagi ahamiyati, tarixiy ildizlari va zamonaviy hayotimizdagi o‘rni keng yoritildi.
Milliy qadriyatlar – bu xalqimizning asrlar davomida shakllangan hayot falsafasi, ruhiy olami, orzu-umidlari va axloqiy mezonlarining jamlanmasidir. Ular bizni kimligimizni eslatadi, millat sifatida birdam va mustahkam bo‘lib yashashimizga yo‘l ochadi.
Milliy qadriyatlar har bir millatning maʼnaviy boyligi, o‘zligini ifodalovchi asosiy mezon hisoblanadi. Ular ajdodlardan avlodlarga yetkaziladigan bebaho meros bo‘lib, jamiyat taraqqiyotida muhim o‘rin tutadi.
Milliy qadriyatlarni asrash — bu nafaqat o‘zligimizni saqlash, balki kelajakni mustahkamlash demakdir. Bu qadriyatlar bizga avlodlarimiz tomonidan ishonib topshirilgan, endi esa biz ularni navbatdagi avlodlarga yetkazish mas’uliyatini zimmasiga olganmiz.