Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining 2025-yil 8-maydagi 3/15-385-sonli xati ijrosini ta’minlash maqsadida “Adabiy-ma’rifiy haftaliklar” doirasida Jizzax politexnika institutida milliy qadriyatlar sayli o‘tkazildi.
Har bir millatning o‘ziga xos tarixi, madaniyati, urf-odatlari va qadriyatlari bo‘ladi. Aynan ana shu qadriyatlar xalqning milliy o‘zligini belgilaydi. Ular insonlarning dunyoqarashi, turmush tarzi, axloqiy me’yorlari, orzu-umidlari bilan chambarchas bog‘liq bo‘lib, jamiyatning ma’naviy qiyofasini shakllantiradi. Zero, milliy qadriyatlar – bu millat ma’naviyatining ko‘zgusi, uning qalbi va ruhi hisoblanadi.
Jizzax politexnika institutida o‘tkazilgan navbatdagi ma’naviy-ma’rifiy tadbir ayni shu g‘oya asosida tashkil etildi.
Tadbirni Kimyo muhandisligi fakulteti O‘zbek va xorijiy tillar kafedrasi mudiri O‘. Narboyev ochib berdi. U o‘z nutqida talaba-yoshlarni milliy qadriyatlarning mazmun-mohiyatiga chuqurroq e’tibor qaratishga undadi. U quyidagilarni ta’kidladi:
Milliy qadriyatlar deganda biz – ajdodlarimizdan meros bo‘lib qolgan urf-odatlar, an’analar, odob-axloq me’yorlari, til, din, hunar, san’at va boshqa madaniy qadriyatlar tizimini tushunamiz. Bu qadriyatlar faqat o‘tmishni emas, balki bugungi va kelajak avlodning ma’naviy kamoloti uchun poydevor bo‘lib xizmat qiladi.
U mehmondo‘stlik, kattalarga hurmat, kichiklarga izzat, halollik, or-nomus, vatanparvarlik kabi fazilatlarni milliy qadriyatlarimizning ajralmas qismi sifatida e’tirof etdi. Bu qadriyatlar asrlar davomida oilalarda, mahallalarda, xalq og‘zaki ijodi va amaliy faoliyati orqali avloddan avlodga o‘tib kelmoqda.
So‘z davomida, bugungi globallashuv jarayonlarida milliy qadriyatlarni asrab-avaylash va yosh avlod ongiga chuqur singdirish muhimligi alohida qayd etildi. Begona madaniyatlar ta’siri ostida milliylikni yo‘qotmaslik uchun har bir oila, ta’lim muassasasi va jamiyat bu borada mas’uliyatni his qilishi lozim.
O‘z qadriyatiga hurmat bilan qaragan xalq hech qachon yo‘qolmaydi. Zero, millatni millat qiladigan – uning tarixiy xotirasi, madaniy merosi va ma’naviy boyligidir.
Tadbir doirasida institut talabalari tomonidan milliy qadriyatlar, madaniyatimiz, urf-odatlarimiz, an’analarimiz va turmush tarzimizni o‘zida aks ettirgan quyidagi badiiy
· Adabiyot ko‘rgazmasi – Institut Axborot-resurs markazi tomonidan milliy qadriyatlarni yorituvchi adabiy va badiiy asarlar ko‘rgazmasi hamda talabalar ijodiy ishlari namoyishi;
· “Mushoira” – “Nazm va navo” to‘garagi a’zolari tomonidan ijodiy chiqishlar;
· “Doira sadosi” musiqiy chiqish – Qurilish muhandisligi fakulteti talabalari ijrosida;
· “Tanovar” raqsi – Qurilish muhandisligi fakulteti “Joziba” to‘garagi a'zosi ijrosida;
· Milliy qo‘shiqlar – Transport muhandisligi fakulteti talabalari ijrosida;
· “Rasmlar tanlovi” – Kimyo muhandisligi fakulteti ijodkor talabalari ishtirokida;
· Sport musobaqalari:
Arqon tortish – Energetika, Qurilish muhandisligi va Transport fakultetlari o‘rtasida; Lanka tepish – Transport muhandisligi fakulteti jamoalari o‘rtasida;
· “Kelin salom” sahna ko‘rinishi – Sanoat texnologiyalari fakulteti xotin-qizlar kengashi va talaba-qizlari tomonidan sahnalashtirildi.
Bugungi tadbir orqali milliy qadriyatlarimizning chuqur mazmuni, ularning yosh avlod tarbiyasidagi o‘rni, tarixiy ildizlari va zamonaviy hayotimizdagi ahamiyati keng yoritildi. Talabalarning bu boradagi faolligi, ijodkorligi va qadriyatlarimizga bo‘lgan hurmati yuqori bahoga loyiq.
Milliy qadriyatlar – bu xalqimizning asrlar davomida shakllangan hayot falsafasi, ruhiy olami, orzu-umidlari va axloqiy mezonlarining jamlanmasidir. Ular bizni kimligimizni eslatadi, millat sifatida birdam va mustahkam yashashimizga yo‘l ochadi.