Barchamizga ma’lumki, hozirgi kunda dunyo shiddat bilan o‘zgarib, insoniyatning taqdiri va kelajagiga tahdid solayotgan xavf-xatarlar kuchayib, dunyo miqyosida shafqatsiz raqobat, turli ziddiyatlar tobora avj olmoqda. Mana shunday bir sharoitda barqarorlikni saqlashda ma’naviyat va ma’rifatga e’tibor qaratish muhim ahamiyat kasb etadi. Bu haqda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev qayd etganidek: “Biz ma’naviyat va ma’rifat ishini vatanparvarlik ishi, vijdon ishi, deb bilamiz. Vijdoni, ma’naviyati bor inson Vatanni, albatta, yaxshi ko‘radi. Vijdon, ma’naviyat degani – xalqqa, Vatanga chin yurakdan xizmat qilish deganidir..."
Ma’rifat — kishilarning ongini, bilimini, madaniyatini oshirishga qaratilgan ta’lim-tarbiya. U tabiat, jamiyat va inson mohiyati haqidagi turli bilimlar, ma’lumotlar majmuasini ham bildiradi. Ma’rifat ilmu urfon ma’nosida ham ishlatiladi. Ma’rifat tushunchasi madaniyat, ma’naviyat tushunchalari bilan bog‘liq. Ma’rifat ma’naviy qaramlikni bartaraf qiladi, insonga kuch-qudrat ato etadi. U kishilarni jaholatdan qutqaradi, buzuq ishlardan qaytaradi, yaxshi xulq va odob egasi boʻlishga yordam beradi. Ma’rifatli kishilardan tashkil topgan jamiyat ravnaq topadi, kelajagi porloq bo‘ladi.
Jizzax politexnika institutida “Jaholatga qarshi ma’rifat” mavzusida tadbir bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tadbirda Jizzax viloyati Din ishlari qo‘mitasi xodimi J.Islomov, Davlat xavfsizlik xizmati xodimi Z.Usmonov, institut Yoshlar masalalari, ma’naviy va ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori S.Eshbekova, Kimyo muhandisligi fakulteti dekani M.Mirzabekov, Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi boshlig‘i M.Xolbekova, fakultetning Yoshlar bilan ishlash bo‘yicha dekan o‘rinbosarlari, tyutorlar hamda talaba-yoshlar ishtirok etdi.
Tadbir davomida so‘zga chiqqanlar tomonidan yoshlardagi ma’naviy bo‘shliqni ilmu-ma’rifat bilan to‘ldirish, ularni turli yot g‘oyalar tajovuzidan himoyalashda o‘z Vataniga bo‘lgan muhabbat va daxldorlik hissini yanada rivojlantirish, buyuk tariximizni, milliy urf-odatlarimizni yoshlar qalbiga doimiy singdirib borish zarurligi ta’kidlandi.
Talabalarning ham fikr-mulohazalari tinglandi. Ularning savollariga soha mutaxassislari tomonidan batafsil javoblar berildi. Tadbir talaba-yoshlarda katta taassurot qoldirdi.