Oliy ta’lim muassasalarida yoshlar bilan ishlash va ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish: tajriba va istiqboldagi rejalar Toshkent davlat agrar universitetida ushbu mavzuga bag‘ishlangan 2 kunlik respublika o‘quv-seminari o‘tkazildi. Yangi 2024/2025-o‘quv yiliga tayyorgarlik doirasida oliy ta’lim muassasalaridagi yoshlar bilan ishlash va ma’naviy-ma’rifiy soha xodimlari ish samaradorligini oshirish maqsadida 2024-yil 12-13-avgust kunlari Toshkent davlat agrar universitetida barcha oliy ta’lim muassasalarining yoshlar bilan ishlash va ma’naviyat-ma’rifat bo‘limi boshliqlari uchun “Oliy ta’lim muassasalarida yoshlar bilan ishlash va ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish: tajribalar va istiqbol rejalar” mavzusida 2 kunlik o‘quv-seminar o‘tkazildi. Tadbir avvalida ishtirokchilar karnay-surnay sadolari ostida tantanali ravishda kutib olindi va universitetning erishgan yutuqlari, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ko‘rgazmalari bilan tanishtirildi. Dastlabki kungi anjuman yalpi yig‘ilish shaklida o‘tkazilib, uni Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri o‘rinbosari Sarvarxon Buzrukxonov ochib berdi: “Bugun, oliy ta’lim muassasalari ichida o‘z o‘rniga ega muassasa, Toshkent davlat agrar universitetida respublikamizdagi barcha oliygohlarning ma’naviyat bo‘yicha ma’sullari jam bo‘lganiga guvohmiz. Mazkur ikki kunlik o‘quv-seminarda o‘zingiz uchun eng foydali va kerakli bilimlarni mustahkamlaysizlar degan umiddamiz”. So‘ngra, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Otabek Hasanov, Prezident Administratsiyasi mas’ul xodimi Otabek Bozorov so‘zga chiqib, oliy ta’lim muassasalaridagi ma’naviy-ma’rifiy ishlardagi muammolar va yechimlar, “Z” avlod tarbiyasidagi muhim masalalar, Yangi O‘zbekistonda yoshlar siyosati mavzulariga atroflicha to‘xtalib o‘tdilar. Mazkur o‘quv seminarda Jizzax politexnika instituti Yoshlar bilan ishlash va ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi boshlig‘i M.Xolbekova ham ishtirok etib, faol ishtiroki uchun sertifikat bilan taqdirlandi.