O‘zbekiston Respublikasining Eron Islom Respublikasidagi elchixonasi ko‘magi bilan Eron Islom Respublikasidagi xizmat safari doirasida Jizzax politexnika instituti delegatsiyasi dunyoning eng nufuzli oliy ta’lim muassasalari qatoridan o‘rin olgan va THE (Times Higher Education) reytingida 801–1000 talikka kirgan Xo‘ja Nasiruddin Tusi universitetiga tashrif buyurdi. Tashrifdan asosiy maqsad – xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, ilmiy-tadqiqot va ta’lim sohalarida tajriba almashinuvi va sanoat hamkorlari bilan ishlash imkoniyatlarini muhokama qilishdan iborat bo‘ldi. Tashrif davomida tomonlar ilmiy-tadqiqot va ta’lim sohalaridagi hamkorlikni kengaytirish, professor-o‘qituvchilar hamda talabalar almashinuvi dasturlarini yo‘lga qo‘yish, investitsiya jalb etish va oliy ta’lim xizmatlari eksportini oshirish masalalari muhokama qilindi. Bundan tashqari universitetning 20 yillik hamkori bo‘lgan, qishloq xo‘jaligida foydalaniladigan dronlar ishlab chiqaruvchi “LadyBug” korxonasi bilan ham uch tamonlama hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, Jizzax politexnika institutida ushbu korxona bilan birgalikda dronlar ishlab chiqaruvchi va ularga xizmat ko‘rsatuvchi qo‘shma laboratoriya tashkil etish masalalari atroflicha ko‘rib chiqildi. Tadbir yakunida Jizzax politexnika instituti va K.N.Toosi texnologiya universiteti o‘rtasida rasmiy hamkorlik to‘g‘risidagi shartnoma imzolandi. Ushbu hujjat ikki tomonlama aloqalarni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.