O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli Qarori asosida va 2025-yilda Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasiga tayyorgarlik doirasida Jizzax politexnika instituti delegatsiyasi Eron Islom Respublikasida bo‘ldi.
Tashrifdan ko‘zlangan asosiy maqsad – xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, ilmiy-tadqiqot va ta’lim sohalarida tajriba almashinuvi va sanoat hamkorlari bilan ishlash imkoniyatlarini muhokama qilish, hamda respublikamizning boy madaniy merosini yanada kengroq targ‘ib qilishdan iborat.
Safar doirasidagi asosiy tadbirlardan biri — Tehron shahridagi O‘zbekiston Respublikasi Elchixonasida tashkil etilgan “O‘zbekiston — bebaho madaniy meros” mavzusidagi ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘ldi.
Tadbirda Eronlik mehmonlar, turizm sohasi vakillari, O‘zbekiston fuqarolari, tadbirkorlar, Eron Islom Respublikasining nufuzli oliygohlari rahbariyati, diplomatik korpus a’zolari, ommaviy axborot vositalari vakillari, jumladan, Eron televideniyesi, Tehran times, Iran Daily, Mehr News, ITNA News, Isfahan Ziba gazetalari ijodkorlari tashrif buyurishdi.
Mazkur tadbir O‘zbekistonning boy tarixi, betakror madaniyati va ma’naviy qadriyatlarini keng targ‘ib qilishga qaratildi. Dastur davomida madaniy obidalarimizga oid videoroliklar, Buyuk ipak yo‘liga bag‘ishlangan ko‘rgazmalar, qadimiy Samarqand, Buxoro va Xiva shaharlariga doir materiallar, shuningdek, hunarmandchilik mahsulotlari, o‘zbek milliy musiqa va raqslari namoyish etildi hamda mehmonlarga milliy taom va shirinliklar tortiq qilindi.
Xizmat safari doirasida Jizzax politexnika instituti delegatsiyasi dunyoning eng nufuzli oliy ta’lim muassasalari qatoridan o‘rin olgan, Tehron shahridagi Sharif texnologiya universiteti, Eron fan va texnologiyalar universiteti hamda Xo‘ja Nasiruddin Tusi texnologiya universitetlariga tashrif buyurdi.
Tashriflar davomida tomonlar oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida o‘zaro manfaatli hamkorlik yo‘nalishlarini belgilab oldilar va kelgusidagi qo‘shma loyihalar, professor-o‘qituvchilar hamda talabalar almashinuvi dasturlarini tashkil etish, investitsiyalarni jalb etish va oliy ta’lim xizmatlari eksportini oshirish masalalari yuzasidan fikr almashdilar.
Jizzax politexnika instituti va mazkur oliygohlar o‘rtasida rasmiy hamkorlik to‘g‘risidagi shartnomalar imzolandi.
Bunday tadbirlar, albatta, O‘zbekistonning xalqaro miqyosdagi ijobiy imidjini mustahkamlash va xorijiy hamkorlar bilan aloqalarni yanada rivojlantirish yo‘lida muhim qadamlardan biri hisoblanadi.
Fotogaleriya: https://t.me/jizpi_online/41717 ;
https://t.me/jizpi_online/41727 ;
https://t.me/jizpi_online/41737 ;
https://t.me/jizpi_online/41747 ;
https://t.me/jizpi_online/41757 ;
https://t.me/jizpi_online/41767 .