Img
11.06.2025

Oʻzbekiston–Xitoy ilmiy hamkorligi: yangi imkoniyatlar va amaliy qadamlar

Ayni kunlarda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri oʻrinbosari Otabek Mahkamov rahbarligidagi delegatsiya Xitoy Xalq Respublikasida xizmat safarida boʻlib turibdi. Tarkibiga mamlakatimizning 13 ta yetakchi oliy taʼlim muassasasi vakillari jumladan, Jizzax politexnika instituti Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Jamshid Abdunazarov ham faol ishtirok etmoqda. 2025-yil 10-iyun kuni Pekin shahrida boʻlib oʻtgan rasmiy uchrashuvda Otabek Mahkamov va Xitoy Xalq Respublikasi fan va texnologiyalar vaziri oʻrinbosari Chen Szyachan oʻzaro muloqot olib bordilar. Suhbat chogʻida tomonlar fan va innovatsiyalar sohasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash, jumladan, qoʻshma ilmiy tadqiqot markazlarini tashkil etish, ilmiy loyihalar sonini koʻpaytirish hamda istiqbolli yoʻnalishlarda uzoq muddatli dasturlarni amalga oshirish boʻyicha kelishuvlarga erishdilar. Uchrashuv davomida 2025–2030-yillarga moʻljallangan “Fan va innovatsiyalar sohasidagi yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqish, har yili ilmiy forumlar tashkil etish, yosh olimlar uchun stajirovka dasturlarini kengaytirish, shuningdek, amalga oshirilayotgan qoʻshma loyihalar sonini yiliga 30 tadan 60 tagacha oshirish masalalari muhokama etildi va tomonlar tomonidan maʼqullandi. Maʼlumot oʻrnida qayd etish lozimki, 2019-yildan buyon Oʻzbekiston va Xitoy oʻrtasida qoʻshma ilmiy loyihalar tanlovi doimiy ravishda oʻtkazib kelinmoqda. Shu paytga qadar umumiy qiymati 65 milliard soʻmdan ortiq boʻlgan 50 ta ilmiy loyiha moliyalashtirildi. Shuningdek, Oʻzbekiston–Xitoy ilmiy-texnikaviy hamkorligiga bagʻishlangan seminar boʻlib oʻtdi. Tadbirda oʻzbekistonlik delegatsiya faol ishtirok etib, ikki davlat oʻrtasidagi munosabatlar surʼati tobora ortib borayotganini, qoʻshma loyihalar soni va ularga ajratilayotgan mablagʻlar hajmi izchil oshib borayotganini taʼkidladi. Yigʻilishda istiqboldagi yoʻnalishlar boʻyicha qator taklif va tashabbuslar ham ilgari surildi.

Qo'shimcha rasm 1 Qo'shimcha rasm 2 Qo'shimcha rasm 3