Img
20.06.205

Jizzaxda “Talabalar kibersport o‘yinlari – Farg‘ona 2025” hududiy saralash bosqichi bo‘lib o‘tmoqda

Jizzax shahridagi “Kiber Arena” majmuasida “Talabalar kibersport o‘yinlari – Farg‘ona 2025” respublika musobaqasining Jizzax viloyati hududiy saralash bosqichi o‘z ishini boshladi. Tadbirning ochilish marosimida Jizzax viloyati hokimi o‘rinbosari Akmal Savurbayev ishtirok etib, yoshlarga yaratilayotgan imkoniyatlar, “Dolzarb 90 kun” loyihasi va kibersportning ahamiyati haqida alohida to‘xtalib o‘tdi. Musobaqa doirasida kibersportning Counter Strike 2, Dota 2, FC25 hamda Fijital Just Dance yo‘nalishlari bo‘yicha jamoalar o‘rtasida o‘yinlar tashkil etilgan bo‘lib, ishtirokchilar g‘oliblik uchun kurash olib borishmoqda. Musobaqa 4 ta yo‘nalishda tashkil etilgan bo‘lib, viloyatdagi 5 ta oliy ta’lim muassasasidan jamoalar ishtirok etmoqda. Har bir jamoa 13 nafar qatnashchiga ega. Bugungi bellashuvlar soat 16:00 gacha davom etadi. Musobaqa yakunida har bir yo‘nalishda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan jamoalar tantanali taqdirlash marosimida munosib rag‘batlantiriladi. Saralash bosqichida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan jamoalar 2025-yil 23–25 iyun kunlari Farg‘ona shahrida bo‘lib o‘tadigan respublika bosqichiga yo‘llanma oladi. Musobaqada ishtirokchi jamoalarga muvaffaqiyat tilaymiz. Kibersport – zamonaviy yoshlarning intellektual va raqobatbardosh salohiyatini namoyon etish imkonini beradigan muhim platforma sanaladi.

Qo'shimcha rasm 1 Qo'shimcha rasm 2