Bugun barcha davlat idoralari faoliyatida aholining murojaatlari bilan ishlash bo‘yicha sifat jihatidan mutlaqo yangi tizim yaratildi. Joylarda o‘tayotgan sayyor qabullar xalqning dardini eshitish, ularning muammolarini hal etishda, shak-shubhasiz, kutilgan natijalarni bermoqda.
Jizzax politexnika institutining Moliya-iqtisod ishlari bo‘yicha prorektori Yorqinbek Rajabov tomonidan Jizzax viloyati Arnasoy tumani 8-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabida sayyor qabul o‘tkazildi.
Shuningdek, mazkur sayyor qabulda Jizzax politexnika institutining joriy yilgi qabul bo‘yicha mas’ul kotibi Mirkomil Mirzabekov, Arnasoy tuman Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi bosh mutaxassisi Jahongir Mavlonov, maktab o‘quvchilari, ularning ota-onalari hamda mahalla faollari ishtirok etdilar.
Sayyor qabul avvalida Y.Rajabov tomonidan institut tuzilmasi, institutda talaba-yoshlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, o‘quv jarayoni, mavjud imkoniyatlar hamda yangi laboratoriya jihozlari haqida ma’lumot berildi. Shuningdek, abituriyentlarni oliy ta’limga tayyorlash kurslari, talabalar uchun faoliyat olib borayotgan to‘garaklar, kunduzgi, sirtqi, qo‘shma ta’lim(2+2) dasturlari asosida tashkil etilgan ta’lim yo‘nalishlari hamda talabalar turar joylari haqida alohida to‘xtalib o‘tildi.
Joriy yilgi qabul bo‘yicha mas’ul kotib M.Mirzabekov Jizzax politexnika institutidagi barcha ta’lim yo‘nalishlari, abituriyentlar uchun qabul shartlari, imtiyozlar va imkoniyatlar, yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik holati hamda talabalar hayoti haqida alohida to‘xtalib o‘tdi.
Sayyor qabul ishtirokchilari tomonidan berilgan savollarga atroflicha va aniq javoblar berildi.
Bunday uchrashuvlar yoshlarimizda oliy ta’limga bo‘lgan ishonchni yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.