2025-yil 15-avgust kuni BYD Uzbekistan Factory qo‘shma korxonasi direktori A. Muhitdinov hamda Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti rektori O. To‘ychiyev Jizzax politexnika institutida tashkil etilgan Ilg‘or muhandislik maktabida bo‘lishdi.
Tashrif davomida mehmonlar Jizzax politexnika instituti rektori Alisher Usmankulov bilan birgalikda hamkorlikda amalga oshirilishi zarur bo‘lgan ishlar yuzasidan kelishib oldilar.
Maʼlumot uchun, hozirgi kunda muhandislik maktabini jihozlash ishlari to‘liq yakunlangan boʻlib, foydalanishga topshirishga tayyor.
Ilg‘or muhandislik maktabining o‘quv ustaxonasini tashkil etish bo‘yicha bino qiymati 4,5 mlrd va uskunalar qiymati 3,5 mlrd so‘mlik loyiha ishlab chiqilgan bo‘lib, loyiha to‘liq “O‘zavtosanoat” AJ mablag‘i evaziga yengil konstruksiya (sendvich panel) asosida qurib bitkazilgan.
Ilg‘or muhandislik maktabi quyidagi o‘quv yo‘nalishlarida faoliyat olib borishi rejalashtirilgan:
Nazariy mashg‘ulotlar:
– Elektromobillar tuzilishi va nazariyasi;
– Avtomobilsozlikda ishlab chiqarish texnologiyalari;
– Loyihalash muhandisligi;
– Sanoat muhandisligi;
– Dasturlash muhandisligi;
– Elektron avtomobil yig‘ish.
Amaliy mashg‘ulotlar:
– Payvandlash jarayonlari;
– Kuzovni germetiklash va bo‘yash jarayonlari;
– Yig‘ish jarayonlari;
– Robotlarni dasturlash va ularga texnik xizmat ko‘rsatish;
– Elektromobillarda xavfsizlik texnikasi;
– Sifat nazorati.
Ilg‘or muhandislik maktabi o‘quv dasturlari to‘liqligicha “BYD Uzbekistan Factory” MCHJ QK avtomobil zavodining talablari asosida ishlab chiqilgan bo‘lib, muhandislik maktabini muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchilar ishlab chiqarish zavodlarida ishlash imkoniyatiga ega bo‘ladi.