Jizzax politexnika instituti va Rossiya Federatsiyasining Tyumen sanoat universiteti o‘rtasidagi samarali hamkorlik doirasida talaba va yosh olimlarimiz o‘z bilim va ko‘nikmalarini yanada boyitib kelmoqda. 2025-yil 28-iyul – 10-avgust kunlari Tyumen sanoat universiteti tomonidan tashkil etilgan xalqaro yozgi amaliyot — “Yozgi universitet – TIU” dasturida Jizzax politexnika instituti vakillari: Abduxoliqov Shahzod, Yusupov Ulug‘bek, Baratov Ilhom hamda Tolliboyev Ilyos muvaffaqiyatli ishtirok etib, o‘z faoliyatlarini samarali yakunladilar. Dastur nafaqat ilmiy-amaliy bilimlarni oshirish, balki xalqaro tajriba almashish, madaniyatlararo muloqot va kasbiy tarmoqlarni kengaytirish imkonini berdi. Ishtirokchilar Tyumen, Yekaterinburg, Xanti-Mansiysk va Tobolosk shaharlarida o‘tkazilgan ilmiy hamda madaniy tadbirlarda faol qatnashdilar. Tashkilotchilar tomonidan ko‘rsatilgan mehmondo‘stlik va to‘liq qo‘llab-quvvatlash tufayli dastur yuqori saviyada yakunlandi. Yopilish marosimida ishtirokchilarga rasmiy sertifikatlar topshirildi va xalqaro do‘stona aloqalar yanada mustahkamlandi. Institut vakillari ushbu amaliyotdan boy bilim va ko‘nikmalar, xalqaro tajriba hamda yangi hamkorlik imkoniyatlari bilan qaytishdi.