Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumaniga Koreya Respublikasi Chovon tumani hokimi boshchiligidagi delegatsiya tashrif buyurdi.
Delegatsiya tarkibida madaniyat va san’at sohasidagi vakillar, jumladan, xor jamoasi a’zolari ham bor. Ular O‘zbekistondagi Yunus Rajabiy nomidagi Milliy san’at va musiqa universiteti hamda Davlat konservatoriyasi bilan hamkorlik qilib kelmoqda. Har yili madaniy almashinuv dasturi doirasida xor jamoalari O‘zbekistonga tashrif buyurib, qo‘shma konsertlar tashkil etadilar.
Mazkur tashrifning asosiy maqsadi — madaniy hamkorlikni rivojlantirish, xalqlar o‘rtasidagi do‘stlikni mustahkamlash, musiqa orqali quvonch va xush kayfiyat ulashish, madaniy merosni boyitish hamda san’at muhitini yanada kengaytirishdan iboratdir.
Delegatsiya ishtirokidagi do‘stlik konserti Jizzax viloyati hokimligi Anjumanlar saroyida bo‘lib o‘tdi.
Unda Jizzax politexnika instituti xodimlari hamda talaba-yoshlari munosib ishtirok etdi. Tadbir viloyat homiyati majlislar zalida tashkil etilib, yoshlar Koreya mamlakati madaniyati bilan yaqindan tanishdilar.
Ushbu tadbir ikki xalq o‘rtasidagi do‘stlik rishtalarini yanada mustahkamlash, talabalarda xalqaro do‘stlik va madaniy qadriyatlarga hurmat tuyg‘usini shakllantirishga xizmat qildi.