Joriy yilning 2025-yil 6-sentyabr sanasida Jizzax politexnika institutining barcha fakultetlariga qarashli 1-bosqich talabalari A.Qodiriy nomidagi Jizzax davlat pedagogika universiteti qoshida faoliyat yuritayotgan “Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeyi”ga tashrif buyurishdi.
Mazkur tashrifdan ko‘zlangan asosiy maqsad — yosh avlod qalbida tarixiy xotira, vatanparvarlik tuyg‘ularini mustahkamlash, mustabid tuzum davrida begunoh qurbon bo‘lgan vatandoshlarimiz xotirasini yod etish, ularning hayoti va faoliyati bilan yaqindan tanishtirishdan iborat bo‘ldi.
Muzey direktori B.Ergasheva tamonidan A.Qodiriy nomidagi Jizzax davlat pedagogika universiteti qoshidagi “Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeyi” 2021-yilning 31-avgust sanasida — O‘zbekiston Respublikasi “Qatag‘on qurbonlarini xotirlash kuni” arafasida ochilgan va muzeyning tashkil etilganligi haqida aytib o‘tdi.
Muzey direktori muzey bilan tanishtirar ekan, muzey ekspozitsiyalarida XX asr boshlarida Sovet tuzumi tomonidan amalga oshirilgan siyosiy repressiyalar, jumladan, 1937–1938-yillardagi qatag‘onlar, O‘zbekiston ziyolilari, din va madaniyat arboblari, shoir va yozuvchilarning nohaq ravishda jazolanishi, surgun qilinishi va qatl etilishi haqidagi muhim tarixiy hujjatlar, fotosuratlar, shaxsiy buyumlar va arxiv materiallari jamlanganini ta’kidladi. Muzeyda, shuningdek, 1916-yilgi xalq qo‘zg‘olonlari (shu jumladan, Jizzax qo‘zg‘oloni), mustabid tuzumga qarshi kurashgan milliy ozodlik harakati yetakchilari hayoti va faoliyatiga oid ma’lumotlar ham o‘rin olgan. Ziyolilar orasidan Fitrat, Cho‘lpon, Abdulla Qodiriy, Usmon Nosir, Behbudiy va boshqa ko‘plab tarixiy shaxslarning hayot yo‘li va ularning millat taraqqiyoti yo‘lidagi xizmatlari haqida alohida stendlar tashkil etilgan.
Shuningdek, tashrif davomida Jizzax politexnika institutining Ijtimoiy fanlar kafedrasi katta o‘qituvchisi Z. Yodgorov tomonidan talabalar uchun maxsus ma’ruza tashkil etildi.
Ma’ruzada ta’kidlanganidek, Jadidlar harakati XIX asr oxiri va XX asr boshlarida vujudga kelgan ma’rifatparvarlar harakati bo‘lib, ularning asosiy maqsadi xalqni jaholatdan chiqarish, zamonaviy bilimlar asosida tarbiyalash, o‘zligini anglash va milliy uyg‘onishni ta’minlash edi.
Jadidlar yangi usulda dars beruvchi maktablar ochib, o‘quvchilarga matematika, geografiya, tarix kabi dunyoviy fanlarni o‘rgatdilar, ayollar savodxonligini oshirish va milliy matbuotni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratdilar.
Z. Yodgorov o‘z chiqishida Mahmudxo‘ja Behbudiy, Abdulla Avloniy, Munavvarqori Abdurashidxonov, Abdurauf Fitrat, Cho‘lpon, Abdulla Qodiriy kabi jadid ziyolilarning hayoti va faoliyati, shuningdek ularning 1937–1938-yillardagi qatag‘onlar davrida nohaq jazolanganini alohida ta’kidladi.
Talabalar jadidchilik harakati orqali o‘zbek xalqining mustamlakachilik zulmiga qarshi ko‘tarilgan ma’naviy-ma’rifiy kurashi, milliy o‘zlikni saqlab qolish yo‘lida ko‘rsatgan fidoyiliklari haqida chuqur taassurotga ega bo‘lishdi.