JizPI huzuridagi Muqobil energiyalarni tadqiq etish ilmiy-amaliy markazi tomonidan yaratilgan yarim shaffof quyosh panellari issiqxona sharoitida sinovdan o‘tkazildi va amaliyotga joriy etilmoqda. Panellar fotosintez uchun zarur yorug‘likni o‘tkazgan holda elektr energiyasi ishlab chiqaradi, issiqxonalarda mikroiqlim barqarorligini saqlashga yordam beradi hamda suvni tejash bo‘yicha integrallashgan choralarning bir qismi sifatida ko‘rilmoqda. Hozirda jami 4 kW quvvatga ega panellar ostida turli sabzavot ekinlarini muvaffaqiyatli yetishtirishga erishildi (pomidor, baqlajon, qalampir, bodring va boshqalar
Bundan tashqari, institutimiz agrivoltaik panellarni dala-sinov maydonlarida qo‘llashni boshladi. Maqsad — Jizzax viloyatining cho‘l hududlarini bosqichma-bosqich bog‘larga aylantirish, qishloq xo‘jaligida suv va energiya samaradorligini oshirish hamda hosildorlikni yuksaltirishdir. Agrivoltaika yechimi yer resursidan bir vaqtda ikki maqsadda — elektr ishlab chiqarish va o‘simlik yetishtirish — foydalanish imkonini beradi.
Yangi loyiha ustida ish ketmoqda. Jamoamiz vertikal Sharq–G‘arb (E–W) bifatsial va Janubga qaratilgan statsionar panellarni O‘zbekiston iqlimi sharoitida taqqoslash bo‘yicha matematik modellashtirish va dala sinovlarini olib bormoqda. Dastlabki natijalar E–W bifatsial konfiguratsiyaning ertalab-kechqurun ikki cho‘qqili ishlab chiqarish profili bilan issiqxona va maishiy/yetkazib berish yuklamalariga yaxshiroq mos tushishini ko‘rsatmoqda; ushbu konfiguratsiya BIPV (fasad), to‘siqlar va issiqxonalar uchun istiqbolli yechim sifatida baholanmoqda. Amaliy bosqichda fasad va issiqxona karkaslariga integratsiya, qatorlar oralig‘ini optimallashtirish va albedo ta’siridan samarali foydalanish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.