Joriy yilning 7–8 oktabr kunlari Farg‘ona davlat universitetida O‘zbekiston Respublikasi va Belarus Respublikasi o‘rtasida “Innovatsion hamkorlik: oliy va professional ta’lim masalalari bo‘yicha O‘zbekiston-Belarus forumi” nomli Ikkinchi ta’lim forumi bo‘lib o‘tdi. Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Belarus Respublikasi ta’lim vazirligi hamkorligida tashkil etildi.
Forumda Jizzax politexnika instituti rektori Alisher Usmankulov va Xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i Muhriddin Eshqulov ishtirok etdilar. Forum doirasida oliy va professional ta’lim, ilmiy tadqiqotlar hamda kadrlar tayyorlash sohalarida hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Forumning ikkinchi kunida tematik seksiyalar bo‘lib o‘tdi va ularda ishtirokchilar ta’lim eksportini strategik yo‘nalish sifatida belgilash hamda uni barqaror rivojlantirish maqsadida axborot almashinuvi, seminarlar va tajriba almashishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvlarga erishdilar.
Forum yakunlari bo‘yicha Jizzax politexnika instituti (JizPI) Belarus Milliy texnika universiteti (BNTU) hamda Belarus Davlat transport universiteti (BDTU) bilan hamkorlik to‘g‘risidagi memorandumlarni imzoladi. Ushbu kelishuvlar akademik almashinuv, qo‘shma ta’lim dasturlari va ilmiy loyihalarni amalga oshirishga xizmat qiladi.
Mazkur forum O‘zbekiston va Belarus o‘rtasida ta’lim va fan sohasidagi hamkorlikni mustahkamlashda muhim qadam bo‘lib, institutimiz uchun xalqaro hamkorlikni rivojlantirishda yangi imkoniyatlar eshigini ochdi.