Yunus Rajabiy nomidagi Jizzax viloyat musiqali drama teatrida mashhur o‘zbek adibi Abdulla Avloniy qalamiga mansub “Advokatlik osonmi?” nomli komediya tomoshabinlar e’tiboriga havola etildi.
Mazkur asar o‘zbek dramaturgiyasining yorqin namunalaridan biri bo‘lib, unda jamiyatdagi illatlar — savodsizlik, firibgarlik, adolatsizlik va mas’uliyatsizlik kulgili, ammo chuqur ma’no kasb etgan sahnalar orqali yoritilgan. Asar insonni o‘z kasbiga, burchiga sadoqatli bo‘lishga, adolat va halollik tamoyillarini qadrlashga undaydi.
Spektakl davomida aktyorlar mahoratli ijrosi, jonli muloqotlari hamda zamonaviy ruhda talqin etilgan sahnalari bilan tomoshabinlarda katta taassurot qoldirdi.
Tadbirda Jizzax politexnika instituti xodimlari va talaba-yoshlaridan iborat jamoa ham ishtirok etib, o‘zbek teatr san’atining go‘zalligi va tarbiyaviy ahamiyatiga yana bir bor guvoh bo‘lishdi.
Ushbu sahna asari kulgu orqali o‘ylantiruvchi, ma’naviy saboqlar bilan boyitilgan, barchaga o‘z kasbiga halol munosabatda bo‘lish zarurligini eslatadi.