 
      
   
          2025-yil 8-oktabr kuni mamlakatimizning barcha hududlarida xalqaro taʼlim dasturlarini ommalashtirish, yoshlarni global akademik hamjamiyatga jalb etish va Oʻzbekistonning inson kapitalini mustahkamlashga qaratilgan keng koʻlamli taʼlim marafoni — “El-yurt umidi” jamgʻarmasi kunlari boshlandi.
Navbatdagi manzil — Jizzax shahri, Jizzax politexnika institutida yoshlar bilan ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi.
Zamonaviy texnologiyalar yordamida ushbu uchrashuvga hududning boshqa tuman va shaharlardan ishtirokchilar onlayn ravishda ulanish imkoniyatiga ega boʻldi.
Tashabbusning asosiy maqsadi — mamlakatning barcha hududlarini qamrab olish, imkon qadar koʻproq iqtidorli yigit-qizlar, ayniqsa, chekka hududlar va aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari vakillari dunyoning yetakchi universitetlarida taʼlim olishning imkoniyatlari haqida xabardorligini oshirishdir.
Tadbir Boshqaruv samaradorligi agentligi Jizzax viloyati filiali, viloyat hokimligi, Jizzax politexnika instituti, maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi bilan hamkorlikda tashkil etildi.
“El-yurt umidi” jamgʻarmasi kunlari taʼlim marafoni doirasida jamgʻarma ijrochi direktori Gulnoza Ismailova Jizzax politexnika institutida tashkil etilgan Muhandislik maktabi hamda Muqobil energiyalarni tadqiq etish ilmiy-amaliy markazi faoliyati va talabalarning amaliy mashgʻulotlari uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.
Bugungi kunda mazkur Muhandislik maktabi muhandis va texnologlarning yangi avlodini shakllantirishning maydoniga aylangan. Bu yerda Jizzax politexnika instituti talabalari zamonaviy yuqori texnologik uskunalar va real ishlab chiqarish modellarida amaliyot oʻtab, zamonaviy kasblarni egallamoqda.
Yosh mutaxassislar payvandlash texnologiyalarini oʻzlashtirishni, sanoat robotlarini dasturlashni, avtomobil dvigatellarini yigʻishni va avtomobillarni loyihalashni oʻrganmoqda. Bunday format akademik bilimlarni amaliy koʻnikmalar bilan uygʻunlashtiradi.
Tashrif davomida Muqobil energiyalarni tadqiq etish ilmiy-amaliy markaziga alohida eʼtibor qaratildi. Bu yerda talabalar muqobil energetika va “yashil texnologiyalar” sohasidagi real loyihalarda ishtirok etmoqda. Ushbu yoʻnalish nafaqat global tendensiyalarni aks ettiradi, balki Oʻzbekistonning barqaror bilimlar iqtisodiyotini qurish boʻyicha strategik ustuvor yoʻnalishlariga ham mos keladi.
— Bunday texnoparklar “inson kapitali inkubatorlari“ boʻlib, bu yerda yoshlar kasb bilan bir qatorda bunyodkorlik tafakkurini oʻrganadi”, — dedi G. Ismailova. — Talaba oʻz qoʻli bilan motorni yigʻsa yoki robotni dasturlasa, u allaqachon mamlakat kelajagini yaratayotgan boʻladi. Bunday markazlarni rivojlantirish Prezident Shavkat Mirziyoyevning tashabbuslarini aks ettiradi. Davlat rahbari taʼkidlanganidek, sifatli taʼlim va inson kapitalini rivojlantirish uzoq muddatli taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirishning asosiy harakatlantiruvchi kuchidir.
