Yakunlanayotgan hafta davomida Jizzax politexnika instituti rektori, texnika fanlari doktori, professor Alisher Usmankulov tomonidan ijarada yashayotgan talabalarning sharoitlari joyida o‘rganildi.
Tashriflar davomida ijara xonadonlaridagi yashash sharoitlari, xonadonlarning kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik holati, yaratilgan qulayliklar hamda mavjud kamchiliklar bilan yaqindan tanishildi.
Xonadon egalari va talabalar bilan suhbat o‘tkazilib, is gazi va yong‘in xavfsizligi qoidalariga rioya qilish, xonadonlarda talabalar uchun yanada qulay sharoitlar yaratish bo‘yicha muhim tavsiyalar berildi.
Talabalarni yashash uchun yetarli sharoitga ega bo‘lmagan hamda xavfsizlik talablariga javob bermaydigan xonadonlardan barcha qulayliklarga ega talabalar turar joylariga yoki ijara xonadonlariga ko‘chirish zarurligi ta’kidlandi.
Ijara xonadonlarida istiqomat qilayotgan talabalarning yashash muhiti, muammolari va ehtiyojlari atroflicha tahlil qilinmoqda. O‘rganish jarayonlari tizimli ravishda davom ettiriladi.