Img
24-Oktabr, 2025-yil

Xitoy Xalq Respublikasining Nankin shahridan tashrif buyurgan delegatsiya Jizzax politexnika institutida bo‘ldi.

Mazkur uchrashuvda Nankin Turizm Instituti va Sujou Universiteti professori Xiao Fei, o‘qituvchi Zhou Xiaofeng, tadbirkorlar Li Zhikun, Lam Ming Keung va Wu Tiezheng, Jizzax politexnika instituti ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Jamshid Abdunazarov, qo‘shma ta’limlarni muvofiqlashtirish bo‘limi boshlig‘i Aziz Nishonov hamda xalqaro reytinglar va indekslar bilan ishlash bo‘yicha mas’ul Sherzod Qushakov ishtirok etdi.

Uchrashuv davomida tomonlar o‘rtasida ta’lim, malaka oshirish va investitsiya yo‘nalishlarida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, shuningdek, kelgusida amalga oshiriladigan qo‘shma loyihalar yuzasidan dastlabki muzokaralar olib borildi.

Shuningdek, Nankinlik mehmonlarga institutning ilmiy salohiyati, xalqaro aloqalari va o‘quv infratuzilmasi haqida batafsil ma’lumot berildi. Mehmonlar Jizzax politexnika institutining faoliyatini yuksak baholab, ta’lim jarayonida xalqaro tajriba almashish imkoniyatlari keng ekanini ta’kidladilar.

Nankin shahri vakillari Jizzax viloyatida malaka oshirish instituti tashkil etish tashabbusini ilgari surdilar. Ushbu tashabbus ikki tomonlama ilmiy-amaliy hamkorlikni kengaytirish, o‘qituvchilar va talabalar malakasini oshirishda muhim qadam bo‘lishi qayd etildi.

Mazkur uchrashuv ikki tomon o‘rtasida do‘stona aloqalar, ishonch va qo‘shma tashabbuslar uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.

Qo'shimcha rasm 1 Qo'shimcha rasm 2 Qo'shimcha rasm 3