Img
4-Noyabr, 2025-yil

Zomin tumanidagi “Artel” korxonasida “Ochiq eshiklar kuni” tashkil etildi

Zomin tumanida yana bitta yirik loyiha — “Navoiy sanoatni rivojlantirish kompleksi” maxsus sanoat parkining Zomin tumani filialida keng turdagi maishiy texnika vositalari hamda butlovchi qismlarni ishlab chiqaruvchi “Artel elektroniks Zomin” MChJ o‘z faoliyatini boshladi. Zavod 2027-yilning ikkinchi choragiga qadar to‘la quvvatda ishga tushgandan so‘ng bitiruvchi yoshlar va ishsiz fuqarolarning 7000 nafari ish bilan bandligi ta’minlanadi.

Korxona 41 gektar maydonda tashkil etilgan bo‘lib, loyiha doirasida 80,0 mln dollar investitsiyalar hisobiga yiliga 1 mln dona mahsulotlar ishlab chiqariladi hamda 7000 ta yangi ish o‘rinlari yaratiladi. Loyihani to‘liq ishga tushirish 2027 yil ikkinchi choragiga rejalashtirilgan.
Aynan bitiruvchi yoshlar va ishsiz aholini ish bilan bandligini ta’minlash maqsadida zavodda ochiq eshiklar kuni tashkil etildi.

Tadbirda oliy o‘quv yurti bitiruvchilari, bugungi kunda ish izlayotgan 2000 dan ziyod yoshlar, xususan, Jizzax politexnika institutini 2024-2025 o‘quv yilida tamomlagan 100 ga yaqin sobiq talabalar hamda professor-o‘qituvchilar institut rahbariyati boshchiligida faol ishtirok etdilar.

Ularga korxona faoliyati, ishlab chiqarish jarayoni, ish sharoitlari hamda mavjud bo‘sh ish o‘rinlari haqida batafsil ma’lumotlar taqdim etildi. 

Shuningdek, ishtirokchilarga mehnat qonunchiligi, kasbiy rivojlanish imkoniyatlari, kasb-hunar o‘rganish dasturlari hamda bandlik siyosatining afzalliklari bo‘yicha tushuntirish ishlari olib borildi.

Mazkur tashabbus yoshlarning mehnat bozorida faol ishtirok etishlari, o‘z salohiyatlarini to‘liq namoyon qilishlari hamda tuman miqyosida bandlik ko‘rsatkichlarini yaxshilashga xizmat qilmoqda.
Tadbir yakunida oliy ta’lim muassasalari vakillari, xususan, Jizzax politexnika instituti rahbariyati hamda Artel zavodi rahbariyati o‘rtasida memorandum imzolandi. Bu hujjat yoshlarni ish bilan ta’minlash, korxona va ta’lim muassasalari o‘rtasida hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan.

Tadbir davomida institutimizning 9 nafar  bitiruvchilari bilan ishga joylashish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Mazkur tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad — yoshlarni ishlab chiqarish jarayoniga jalb etish, mehnat bozorida faolliklarini oshirish va ularning barqaror bandligini ta’minlash hisoblanadi.