Jizzax politexnika institutida 16-noyabr — Xalqaro bag‘rikenglik kuni munosabati bilan “O‘zbekiston – bag‘ri keng diyor” mavzusida madaniyat festival o‘tkazildi.
BMT Bosh Assambleyasining qaroriga muvofiq, 1997-yildan buyon butun dunyoda har yili 16-noyabr «Xalqaro bag‘rikenglik kuni» sifatida nishonlanib kelinadi.
Yurtimizda ham 10–15 noyabr kunlari mazkur sana munosabati bilan Bag‘rikenglik haftaligi tadbirlari o‘tkazilmoqda.
«Bag‘rikenglik haftaligi»ni o‘tkazishdan maqsad jamiyatimizda do‘stlik va bag‘rikenglik muhitini mustahkamlash, yoshlarni Vatanga muhabbat va sadoqat, milliy hamda umuminsoniy qadriyatlarni hurmat qilish ruhida tarbiyalash, xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalarini rivojlantirishdan iborat.
Jizzax politexnika institutida Jizzax viloyati hokimligining 2025-yil 10-noyabrdagi №06-156- son yig‘ilishi bayonidagi topshiriqning ijrosini ta’minlash maqsadida sana munosabati bilan “O‘zbekiston — bag‘rikeng diyor” mavzusida turli millat vakillari bilan hamkorlikda festival tashkil etildi.
Tadbirda Qozoq milliy madaniy markazi raisi U.Saydamanov, Qirg‘iz milliy madaniy markazi raisi o‘rinbosari T.Jabborov, Tojik milliy madaniy markazi raisi o‘rinbosari Q.Sharipov, Tatar milliy madaniy markazi raisi o‘rinbosari E.Gizzatulina, Rus milliy madaniy markazi raisi M.Chujkof, JizPI Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori S.Eshbekova, Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi boshlig‘i M.Xolbekova, fakultetlarning yoshlar bilan ishlash bo‘yicha dekan o‘rinbosarlari, tyutorlar hamda talaba-yoshlar ishtirok etdi.
Tadbir davomida fakultetlarning iqtidorli talabalari tomonidan millatlararo totuvlik, do‘stlik va bag‘rikenglik g‘oyalarini aks ettiruvchi she’rlar hamda qo‘shiqlar mehmonlar uchun ijro etildi.
Talabalar chiqishlarida turli millatlarning madaniy an’analari, urf-odatlari va qadriyatlariga hurmat bilan yondashgan holda, yoshlar o‘rtasida mehr-oqibat, bag‘rikenglik hamda o‘zaro tushunish ruhini yanada mustahkamlashga qaratilgan ijodiy ishlanmalar taqdim etildi.
She’r va qo‘shiqlar orqali millatlararo do‘stlikning ahamiyati, O‘zbekistonning bag‘rikeng, ko‘p millatli jamiyat sifatidagi o‘rni, shuningdek, tarixiy va zamonaviy misollar orqali tinchlik hamda totuvlik g‘oyalari keng targ‘ib qilindi.
Tadbir davomida ijrochilar o‘zlarining badiiy mahorati hamda sahnadagi ifodali chiqishlari bilan tomoshabinlarning e’tiborini tortdi va ularning iliq qarsaklari bilan kutib olindi.
Shuningdek, talabalarning ijodiy chiqishlari yosh avlodni millatlararo do‘stlik, bag‘rikenglik va madaniyatlararo muloqotga jalb etish borasida katta ahamiyatga ega ekanligi ta’kidlandi.
Tadbir ishtirokchilari fikricha, bunday ijodiy chiqishlar nafaqat madaniyatlarni birlashtirish, balki yoshlarni vatanparvarlik, ijtimoiy birdamlik va bag‘rikenglik ruhida tarbiyalashga ham xizmat qildi.
«Bag‘rikenglik haftaligi» doirasida tashkil etiladigan tadbirlar aholi, ayniqsa yosh avlodni respublikamizda yashab turgan turli millat va elat vakillarining tili, madaniyati, anʼanalari va urf-odatlarini saqlash hamda rivojlantirishga, mamlakatimiz taraqqiyotiga o‘z hissasini qo‘shishga, jamiyatda ko‘p millatli katta oila tuyg‘usini, millatlararo totuvlik hamda diniy bag‘rikenglikni yana-da mustahkamlashga xizmat qiladi.