Img
20-Noyabr, 2025-yil

“Jaholatga qarshi – ma’rifat” mavzusida tadbir bo‘lib o‘tdi

Jizzax politexnika institutida yoshlarni sog‘lom dunyoqarash, mustahkam ma’naviy immunitet va tanqidiy fikrlash ruhida tarbiyalash maqsadida “Jaholatga qarshi – ma’rifat” mavzusida navbatdagi targ‘ibot tadbiri o‘tkazildi.

Tadbirda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi xodimlari A. Mamadaliev, B. Mahmudov, Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektor S. Eshbekova hamda talaba-yoshlar ishtirok etdi.

Spikerlar bugungi globallashuv davrida yoshlarning ongiga bevosita ta’sir ko‘rsatayotgan ma’naviy tahdidlar, ayniqsa internetdagi soxta g‘oyalar, manipulyativ axborotlar, aldovchi diniy chaqiriqlar haqida to‘xtalib, zamonaviy sharoitda har bir yosh uchun axborotdan to‘g‘ri foydalanish madaniyati eng muhim ko‘nikmalardan biriga aylanayotganini ta’kidlashdi.

Shuningdek, ilm-ma’rifatni chuqur egallagan yoshlar jamiyatda faol, ongli, mustaqil fikrlaydigan shaxs sifatida shakllanishi, ma’naviy jihatdan yetuk avlod esa har qanday zararli oqimlarning oldini olishda eng katta kuch ekani alohida qayd etildi.

Ular bugungi kunda informatsion maydonda tarqalayotgan yolg‘on ma’lumotlar, noto‘g‘ri diniy talqinlar va ekstremistik chaqiriqlar yoshlar ongiga tahdid solayotganini qayd etib, bunga qarshi faqat to‘g‘ri ma’rifat, tasdiqlangan bilim hamda ishonchli manbalar orqali kurashish mumkinligini uqtirishdi.

Tadbir davomida talabalarga ajdodlarimizning ilm-ma’rifatga bo‘lgan munosabati, sog‘lom mafkuraning jamiyat taraqqiyotidagi o‘rni haqida batafsil tushuntirishlar berildi. Shuningdek, yoshlarning mustaqil fikrlashi, to‘g‘ri xulosa chiqarishi va ma’lumotlarni tanqidiy tahlil qilish qobiliyatini rivojlantirish bo‘yicha amaliy tavsiyalar taqdim etildi.

Qo'shimcha rasm 1 Qo'shimcha rasm 2 Qo'shimcha rasm 3