Jizzax politexnika institutining Madaniyat saroyida talaba-yoshlar uchun unutilmas lahzalarga boy bo‘lgan “Quvnoqlar va zukkolar” ko‘rik-tanlovining institut bosqichi bo‘lib o‘tdi. Ushbu tadbir O‘zbekiston Respublikasi “Quvnoqlar va zukkolar” assotsiatsiyasining 2025-yil 8-avgustdagi 24-sonli xati hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining 2025-yil 15-avgustdagi 4/61-24-2068-sonli xati ijrosini ta’minlash maqsadida tashkil etildi.
Tanlovda institutning barcha fakultetlaridan shakllantirilgan jamoalar ishtirok etib, sahnada o‘zlarining ijodkorligi, topqirligi, sahna madaniyati va jamoaviy ishlash ko‘nikmalarini namoyon etdilar. Tadbir yoshlar o‘rtasida ijobiy raqobat muhitini shakllantirish, bo‘sh vaqtni mazmunli tashkil etish hamda kulgi orqali muhim ijtimoiy mavzularni yoritishga xizmat qildi.
Tadbirda Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi boshlig‘i M.Xolbekova, bo‘lim xodimlari, barcha fakultetlarning yoshlar bilan ishlash bo‘yicha dekan o‘rinbosarlari, tyutorlar hamda ko‘plab talaba-yoshlar faol ishtirok etdi.
Hakamlar hay’ati tarkibida O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Jizzax viloyati Kengashi vakili Sh.Soatmurodov, Jizzax politexnika instituti Yoshlar ittifoqi boshlang‘ich tashkiloti yetakchisi E.Shavqiyev hamda “Talabalar teatr studiyasi” rahbari A.Hamraqulov ishtirok etib, jamoalarning chiqishlarini xolisona baholab bordilar.
Tanlov “Yangi O‘zbekiston talabalari” tanishuv sharti, biatlon hamda “Bizda kamchilik yo‘q” musiqiy shartlari asosida bo‘lib o‘tdi. Har bir shart jamoalarning ijodiy yondashuvi, hozirjavobligi va sahnadagi erkinligini ochib berib, tomoshabinlarga quvonch va ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.
🏆 Ko‘rik-tanlovning yakuniy natijasiga ko‘ra:
🥇 I o‘rin — Kibersport fakultetining “Kiber yulduzlari” jamoasi;
🥈 II o‘rin — Transport muhandisligi fakultetining “Quvnoq jo‘jalar” jamoasi;
🥉 III o‘rin — Qurilish muhandisligi fakultetining “Diplomat” jamoasi.
Ushbu ko‘rik-tanlov talaba-yoshlarning sahna madaniyatini rivojlantirish, ijodiy salohiyatini qo‘llab-quvvatlash hamda institutda quvnoq va do‘stona muhitni yanada mustahkamlashga xizmat qildi. Barcha ishtirokchilarga faol ishtiroki uchun minnatdorlik bildiramiz, g‘olib jamoalarni esa chin dildan tabriklaymiz.