Img
22-Dekabr, 2025-yil

Energetiklar kuni munosabati bilan soha mutaxassislari hamda talaba-yoshlar uchrashuvi tashkil etildi

22-dekabr — yurtimizda energetika sohasi vakillarining mehnatini e’tirof etish, ularning jamiyat taraqqiyotidagi o‘rni va mas’uliyatli faoliyatini qadrlash kuni sifatida keng nishonlanadi. Energiya ta’minotining uzluksizligi, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish hamda resurslardan oqilona foydalanish yo‘lida fidokorona mehnat qilayotgan mutaxassislar mehnati har doim alohida e’tiborga loyiqdir.

Mazkur sana munosabati bilan Jizzax politexnika instituti Energetika muhandisligi fakultetida Energetika va elektr texnologiyasi kafedrasi tashabbusi bilan bayramona uchrashuv tashkil etildi. Tadbirda “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Jizzax hududiy filiali xodimlari, kafedra professor-o‘qituvchilari hamda talaba-yoshlar ishtirok etdi. Uchrashuv ochiq muloqot va samimiy suhbat ruhida o‘tdi.

Tadbir davomida so‘zga chiqqan mehmonlar talaba-yoshlarni kasb bayrami hamda kirib kelayotgan 2026-yil bilan tabriklab, ularga kelgusidagi o‘qish va kasbiy faoliyatida katta zafarlar tiladilar. Shuningdek, energetika sohasidagi amaliy ish jarayonlari, zamonaviy mutaxassisga qo‘yilayotgan talablar, ishlab chiqarishda xavfsizlik masalalari hamda talabalarning bugundan egallashi lozim bo‘lgan bilim va malakalar haqida atroflicha ma’lumotlar berildi.

Bunday uchrashuvlar yoshlarning kasbga bo‘lgan qiziqishini oshirish, ularni real mehnat muhitiga tayyorlashda muhim ahamiyat kasb etishi alohida ta’kidlandi.

Tadbir yakunida uchrashuvda ishtirok etgan mehmonlarga energetika sohasi rivojiga qo‘shayotgan munosib hissasi, yoshlar bilan bo‘lishgan boy tajribasi hamda institut bilan olib borilayotgan samarali hamkorlik aloqalariga yuksak hurmat ramzi sifatida esdalik sovg‘alari tantanali tarzda topshirildi.

Qo'shimcha rasm 1 Qo'shimcha rasm 2 Qo'shimcha rasm 3