Kibersport fakulteti tomonidan Yangi yilga bag‘ishlangan tantanali bayram tadbiri tashkil etildi.
Jizzax politexnika institutida “Men orzu qilgan Yangi yil” shiori ostida yangi yil bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi. Tadbir Kibersport fakulteti tomonidan yuqori kayfiyatda tashkil etilib, unda professor-o‘qituvchilar, institut xodimlari hamda talaba-yoshlar faol ishtirok etdi. Bayramona uchrashuv barcha uchun iliq muhit va samimiy taassurotlar bilan yodda qoldi.
Tadbir davomida bayramga bag‘ishlangan she’rlar, sahna ko‘rinishlari, ijodiy chiqishlar namoyish etilib, ishtirokchilarga ko‘tarinki ruh bag‘ishladi. Sahna chiqishlarida talabalarning ijodkorligi, tashabbuskorligi va jamoaviy hamjihatligi yaqqol namoyon bo‘ldi.
Shuningdek, yakunlanayotgan yilda yuqori natijalarga erishgan hamda ko‘p yillar davomida talaba-yoshlarga o‘z bilim va tajribasini ayamasdan berib kelayotgan professor-o‘qituvchilar, fidokorona mehnat qilayotgan xodimlar va faol talaba-yoshlar alohida e’tirof etildi. Ularning mehnati va yutuqlari e’tibor markazida bo‘lib, bu kelgusi yil uchun yanada katta motivatsiya bo‘ldi. Tadbir davomida “Sharq yulduzi” ansambli tomonidan ijro etilgan kuy-qo‘shiqlar va musiqiy chiqishlar bayramga yanada ko‘tarinki ruh, quvonch va iliq kayfiyat bag‘ishlab, tadbir ishtirokchilariga unutilmas taassurotlar ulashdi.
Tadbirning eng qiziqarli jihatlaridan biri — bayram davomida tashkil etilgan qiziqarli o‘yinlar va interaktiv bellashuvlar bo‘lib, ular ishtirokchilarga quvonch ulashdi, bayram shukuhini yanada oshirdi. Tadbir yakunida yangi yil tilaklari yangrab, barchaga ezgu niyatlar bildirildi.