Bugun Jizzax politexnika institutida kiberxavfsizlik va axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlarga qarshi kurashishga bag‘ishlangan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Jizzax viloyat IIB axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi boshlig‘i, podpolkovnik Sh. Qosimov, mazkur boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari — Kiberxavfsizlik bo‘limi boshlig‘i, kapitan Q. Boltaboyev, DXX mas’ul xodimi, Jizzax politexnika institutining Moliya-iqtisod ishlari bo‘yicha prorektori Y. Rajabov, professor-o‘qituvchilar hamda texnikum xodimlari ishtirok etdi.
Uchrashuv davomida ishtirokchilar kiberjinoyatlarning zamonaviy ko‘rinishlari, ularning oldini olish choralari, internet tarmog‘idan xavfsiz foydalanish qoidalari, shaxsiy ma’lumotlarni muhofaza qilish mexanizmlari hamda axborot madaniyati bo‘yicha zaruriy ma’lumotlarga ega bo‘ldilar. Mutaxassislar kattalar va yoshlar o‘rtasida uchrayotgan xatoliklar, ularning huquqiy oqibatlari haqida real misollar keltirib, ehtiyotkorlik hamda qonunchilik talablariga qat’iy amal qilish zarurligini alohida ta’kidladilar.
Tadbir yakunida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bo‘yicha mutaxassislardan aniq javoblar olishdi.
Bu kabi uchrashuvlar xodimlar hamda talabalarning raqamli savodxonligini oshirish, axborot texnologiyalaridan foydalanishda huquqiy madaniyatni mustahkamlash va kiberjinoyatlarga qarshi kurashish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarini yanada kengaytirishga xizmat qiladi.