Bugun, 16-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 4-noyabrdagi 691-son qarori ijrosi doirasida Qurilish muhandisligi fakultetida Orifjon Olimjonovning hayoti va faoliyatini o‘rganishga bag‘ishlangan davra suhbati o‘tkazildi.
Unda fakultetning Yoshlar bilan ishlash bo‘yicha dekan o‘rinbosari J. Anarbayev hamda qo‘shma ta’lim dasturi asosida tahsil olayotgan talaba-yoshlar ishtirok etdi.
Davra suhbati davomida qatag‘on qurboni Orifjon Olimjonovning hayoti, faoliyati va yurt taraqqiyoti yo‘lidagi tarixiy xizmatlari atroflicha muhokama qilindi. Uning millat ravnaqi, xalq ta’limi va yoshlar tarbiyasiga qo‘shgan hissasi, shuningdek, boy ma’naviy merosi bugungi avlod uchun muhim saboq ekani ta’kidlandi. Talabalar tarixiy haqiqatlar bilan tanishish barobarida o‘z fikr va mulohazalarini erkin bildirish imkoniga ega bo‘ldilar.
Tadbirning asosiy maqsadi yoshlarni tarixiy xotira, milliy qadriyatlar va vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, xalqimiz boshidan kechirgan og‘ir va murakkab davrlarni chuqur anglashga ko‘maklashishdan iborat bo‘ldi. Mazkur davra suhbati institutda yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish, ularni tarixiy merosga hurmat ruhida tarbiyalash yo‘lidagi muhim qadamlardan biri sifatida e’tirof etildi.