Img
20-Yanvar, 2026-yil

Xalqaro hamkorlik yo‘lidagi muhim uchrashuv

Jizzax politexnika institutida Koreya Respublikasidan tashrif buyurgan Jinwoo Kwak — Disquiet akselerator kompaniyasi bosh ijrochi direktori (CEO) hamda Hallym universitetining startap biznesi bo‘yicha professori bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvdan ko‘zlangan asosiy maqsad ikki tomonlama hamkorlikni boshlash va kelgusidagi rejalarni muhokama qilishdan iborat bo‘ldi. Muzokaralar davomida qo‘shma ilmiy laboratoriya tashkil etish, 2+1+1, 3+1 va 2+2 formatlarida qo‘shma ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish, shuningdek, Koreya–O‘zbekiston Drone ta’lim markazini tashkil etish masalalari muhokama qilindi. Tomonlar KOICA dasturi doirasidagi hamkorlik mexanizmlari, talabalar uchun Koreya semestri, stajirovka va ish faoliyati orqali tajriba orttirib, O‘zbekistonga qaytib xizmat qilish modelini ham ko‘rib chiqdilar.

Bundan tashqari, dronlardan qishloq xo‘jaligi, kartografiya, ekologiya va “aqlli shahar” loyihalarida foydalanish istiqbollari, hamkorlik yo‘l xaritasi, memorandum imzolash jarayoni hamda qo‘shma ishchi guruh tashkil etish masalalari muhokama markazida bo‘ldi.

Mehmonlarni institutimizning Avtomobilsozlik muhandislik maktabi faoliyati, ushbu yo‘nalishda olib borilayotgan ilmiy-tadqiqot ishlari hamda yaratilgan zamonaviy sharoitlar bilan yaqindan tanishtirildi.

Mazkur uchrashuv institutimizning xalqaro ta’lim va innovatsion hamkorligini rivojlantirish yo‘lidagi muhim boshlang‘ich qadam bo‘ldi.

Qo'shimcha rasm 1 Qo'shimcha rasm 2 Qo'shimcha rasm 3