Img
21-Yanvar, 2026-yil

Talabalar uchun 25931-sonli harbiy qismda “Ochiq eshiklar kuni” tashkil etildi

Jizzax politexnika instituti tomonidan 2026-yil yanvar oyi davomida o‘tkazilayotgan “Vatanparvarlik oyligi” doirasida talaba-yoshlarni harbiylik kasbiga qiziqtirish, ularda vatanparvarlik, yurtga sadoqat va fuqarolik mas’uliyatini yanada mustahkamlash maqsadida qator ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etilmoqda. Mazkur tadbirlar doirasida 2026-yil 21-yanvar kuni institut talaba-yoshlari uchun 25931-sonli harbiy qismda “Ochiq eshiklar kuni” tashkil etildi.

Tashrif davomida talaba-yoshlar harbiy xizmatchilarning kundalik xizmat faoliyati, kun tartibi, yashash sharoitlari hamda jangovar va jismoniy tayyorgarlik mashg‘ulotlari bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Shuningdek, harbiy intizom, xizmat mas’uliyati, harbiy xizmatchilarga yaratilgan shart-sharoitlar hamda Qurolli Kuchlar tizimida olib borilayotgan islohotlar yuzasidan batafsil ma’lumot berildi.

Bugungi globallashuv sharoitida har bir davlatning mustaqilligi va suverenitetini mustahkamlash, eng avvalo, uning Qurolli Kuchlari salohiyati bilan chambarchas bog‘liq ekanligi barchamizga ayon. O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari mamlakat tinchligi, hududiy yaxlitligi va xalq osoyishtaligini ta’minlashda muhim va hal qiluvchi o‘rin tutadi. Shu bois harbiy soha faoliyati bilan jamiyat, ayniqsa yosh avlodning yaqindan tanishib borishi, ularni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash bugungi kunning dolzarb vazifalaridan biridir.

Mazkur harbiy qismga tashrif ana shunday muhim tarbiyaviy vositalardan biri bo‘lib, u orqali talaba-yoshlar harbiy xizmatchilarning mas’uliyatli va sharafli faoliyati, Vatan himoyasi yo‘lidagi fidoyiligi bilan yaqindan tanishdilar. Bu esa yoshlarning Vatanga muhabbatini oshirish, harbiy xizmatga nisbatan ijobiy munosabatini shakllantirish hamda kelajakda harbiy kasbni ongli ravishda tanlashlariga xizmat qildi.

Xulosa qilib aytganda, harbiy qismlarga tashkil etiladigan bunday tashriflar harbiy-vatanparvarlik tarbiyasining muhim va samarali shakli hisoblanadi. U yosh avlodni Vatanga sodiq, jismonan baquvvat va ma’nan yetuk shaxslar etib tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etadi. Bunday tadbirlarni amaldagi qonun hujjatlari va belgilangan tartiblarga qat’iy rioya qilgan holda muntazam tashkil etish jamiyat hamda davlat manfaatlariga to‘la xizmat qiladi.

Qo'shimcha rasm 1 Qo'shimcha rasm 2 Qo'shimcha rasm 3