Bugun Jizzax politexnika institutida professor-o‘qituvchilar hamda xodimlar uchun ko‘tarinki ruhdagi navbatdagi madaniy tadbir tashkil etildi. Tadbir doirasida mashhur “Zo‘rdanak” (“Sho‘rdanak”) guruhi a’zolari Doniyor Xasanov hamda Abduvosit Roʻzmatovlar tomonidan konsert dasturi namoyish etilib, ishtirokchilarga quvonch va ijobiy kayfiyat ulashildi.
Konsert davomida san’atkorlarning qiziqarli sahna chiqishlari, samimiy hazil-mutoyibalari va musiqiy ijrolari tomoshabinlar tomonidan iliq kutib olinib, uzoq davom etgan olqishlarga sazovor bo‘ldi. Tadbir professor-o‘qituvchilar va xodimlar uchun samarali mehnat jarayonidan so‘ng maroqli dam olish, ruhiy hordiq chiqarish hamda jamoa muhitini yanada mustahkamlash imkonini berdi.
Mazkur madaniy dastur institutda sog‘lom ma’naviy muhitni shakllantirish, jamoa a’zolari o‘rtasida ahillik va hamjihatlikni kuchaytirishga xizmat qiladi. Jizzax politexnika institutida kelgusida ham jamoa uchun shunday mazmunli va qiziqarli madaniy tadbirlarni tashkil etish rejalashtirilgan.