Img
28-Yanvar, 2026-yil

Jizzax politexnika instituti delegatsiyasi Vengriyaning Obuda universitetiga tashrif buyurdi

2026-yil 27-yanvar kuni Jizzax politexnika instituti rektori Alisher Usmankulov boshchiligidagi delegatsiya Vengriyaning nufuzli Obuda universitetiga tashrif buyurdi.
Delegatsiya tarkibidan Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor Jamshid Abdunazarov hamda Xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i Muhriddin Eshqulov ham o‘rin oldi va ular universitet rektori prof. Dr. Levente Kovács boshchiligidagi rahbariyat a’zolari tomonidan iliq kutib olindi.

Rasmiy uchrashuvda Vengriyadagi O‘zbekiston Respublikasi Konsulligining iqtisodiy masalalar bo‘yicha birinchi kotibi Shoxruz Samadov, JizPI delegatsiyasi a’zolari hamda Obuda universiteti rahbariyati ishtirok etdi.

Uchrashuvni Obuda universiteti rektori Prof. Dr. Levente Kovács ochib berdi.

Uchrashuv davomida Jizzax politexnika instituti rektori A. Usmankulov institut faoliyati, ta’lim, ilmiy izlanishlar va rivojlanish istiqbollari haqida batafsil ma’lumot berdi.

Tashrifning asosiy maqsadi — Obuda universiteti tajribasi asosida Jizzax politexnika institutini Yevropa standartlariga mos ravishda transformatsiya qilishdan iborat. Shuningdek, 2026/2027-o‘quv yilidan boshlab institutda Strategik rivojlanish va raqamli transformatsiya bo‘yicha prorektor lavozimini joriy etish hamda ushbu lavozimga boshqaruv transformatsiyasi sohasida tajribaga ega bo‘lgan xorijiy mutaxassisni jalb etish masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Obuda universitetining birinchi prorektori prof. Dr. Zoltán Rajnai universitetning tashkiliy tuzilmasi va raqamli boshqaruv tizimi haqida batafsil taqdimot qildi. Shundan so‘ng tomonlar Yevropa standartlariga asoslangan samarali boshqaruv modeli, strategik rejalashtirish, sifat monitoringi hamda raqamli boshqaruv elementlari bo‘yicha muzokaralar olib bordilar.

Universitetning o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori prof. Dr. Enikő Maior zamonaviy o‘quv dasturlari, innovatsion ta’lim texnologiyalari va amaliyotga yo‘naltirilgan ta’lim modellarini joriy etish imkoniyatlari haqida batafsil axborot berdi.

Tashrif davomida delegatsiya a’zolari Obuda universitetining moliyaviy boshqaruv ofisi direktori Dr. Ákos Domahidi va uning jamoasi bilan uchrashdilar. Uchrashuvda moliyaviy barqarorlik, tijoratlashtirish, xorijiy investitsiyalarni jalb etish, qo‘shma ilmiy-tadqiqot va innovatsion loyihalar, shuningdek, startap tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash masalalari muhokama qilindi.

Ushbu tashrif Jizzax politexnika institutining xalqaro maydondagi nufuzini oshirish, ta’lim va boshqaruvni yangi bosqichga olib chiqish yo‘lida muhim qadam bo‘lib, kelgusidagi samarali hamkorliklar uchun mustahkam zamin yaratdi.

Qo'shimcha rasm 1 Qo'shimcha rasm 2 Qo'shimcha rasm 3