Xalqaro hamkorlikni mustahkamlash va ilg‘or tajribalarni o‘rganish yo‘lida tashrifning (https://t.me/jizpi_online/52292) ikkinchi kuni ham sermazmun va qizg‘in davom etdi.
Jizzax politexnika instituti rektori A. Usmankulov rahbarligidagi delegatsiya a’zolari Obuda universitetining fakultetlari faoliyati bilan yaqindan tanishish maqsadida avvalo Jon fon Neyman nomidagi Axborot texnologiyalari fakultetiga tashrif buyurdilar.
Avval Jon fon Neyman nomidagi Axborot texnologiyalari fakulteti dekani Dr. György Eigner, delegatsiya a’zolariga fakultet faoliyati haqida batafsil ma’lumot berdi. Shundan so‘ng Axborot texnologiyalari bo‘yicha bosh direktor Dr. András Molnár delegatsiya a’zolarini fakultetda tashkil etilgan laboratoriyalar, jumladan sun’iy intellekt laboratoriyalari faoliyati bilan yaqindan tanishtirdi.
So‘ng delegatsiya vakillari Shandor Reyto nomidagi Yengil sanoat va atrof-muhit muhandisligi fakulteti faoliyati bilan tanishish uchun fakultetga tashrif buyurdi. Institutimiz delegatsiyasi fakultet dekani va jamoasi tomonidan juda iliq va do‘stona ruhda kutib olindi. Fakultetning ta’lim, ilmiy va amaliy faoliyati atroflicha o‘rganildi.
Kunning ikkinchi yarmi yanada qizg‘in davom etdi. Unda quyidagi fakultet rahbarlari o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashdilar:
Banki Donát nomidagi Mexanika va xavfsizlik muhandisligi fakulteti dekani — Dr. habil. Tibor Farkas;
Kandó Kálmán nomidagi Elektrotexnika muhandisligi fakulteti dekani — Dr. habil. Róbert Szabolcsi;
Ybl Miklós nomidagi Arxitektura va qurilish muhandisligi fakulteti dekani — Dr. Anthony Gall;
Keleti Károly nomidagi Biznes va boshqaruv fakulteti dekan o‘rinbosari — Dr. János Varga.
Fakultetlar faoliyatini o‘rganishda asosiy e’tibor raqamli boshqaruv tizimlari va ta’lim sifati masalalariga qaratildi.
Shuningdek, tomonlar qo‘shma ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish, professor-o‘qituvchilar va talabalar almashinuvini kengaytirish, talabalar, magistrantlar, doktorantlar hamda professor-o‘qituvchilarni xalqaro grant va stipendiya dasturlariga jalb etish, shuningdek, texnikumlar uchun xalqaro dasturlarni integratsiya qilish masalalari bo‘yicha muzokaralar olib bordilar.
Tashrifning ikkinchi kuni Jizzax politexnika instituti uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochdi. Ilm-fan, ta’lim va innovatsiyalar yo‘lida mustahkam xalqaro hamkorlik shakllanmoqda!