Img
31-Yanvar, 2026-yil

Jizzax politexnika instituti Avtomobilsozlik muhandislik maktabiga press-tur tashkil etildi

Mazkur press-turda Jizzax viloyati hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari Akmal Savurbayev, Jizzax politexnika instituti rahbariyati, jurnalist, bloger va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Press-tur davomida muhandislik maktabining nazariy hamda amaliy oʻquv binolari hamda u yerda yaratilgan sharoitlar bilan bilan tanishildi.

Maʼlumot uchun, bu yerda “BYD Uzbekistan Factory” va “ADM Jizzakh” korxonalari bilan malakali mutaxassislar tayyorlash va ularni ishga joylashtirish boʻyicha hamkorlik oʻrnatilgan.

Muhandislik maktabida transport sohasiga ixtisoslashgan toʻrt taʼlim yoʻnalishi boʻyicha oʻquv dasturlari yangicha yondashuv asosida tashkil etilgan. Xususan, ikkinchi kursni yuqori koʻrsatkichlar bilan tamomlagan talabalar BYD zavodi talablari asosida ishlab chiqilgan zamonaviy oʻquv platformalarida ikki yillik dual taʼlim oladi. Talabalar zavod bilan toʻgʻridan-toʻgʻri hamkorlikda amaliy mashgʻulotlarni ham oʻtab boradi, bu esa ularga maxsus ishga yoʻllanma sertifikatiga ega boʻlish imkonini beradi.

Qisqa muddatli tayyorlov kurslarida avtomobil zavodiga ishga kiruvchi nomzodlar, zavod ishchilari va ishsiz yoshlarga oʻzlari qiziqqan kasblar oʻrgatiladi. Bu yerda BYD avtomobil ishlab chiqarish mini konveyeri ham tashkil etilgan. Ishlab chiqarish sexida payvandlash, boʻyash, yigʻuv va sifat nazorati boʻlimlari mavjud.

Elektromobil va zaryadlash stansiyasining tuzilishi, elektromobillarga xizmat koʻrsatish, sanoat va dasturlash muhandisligi, tannarx va revers muhandisligi yoʻnalishlariga ixtisoslashgan maxsus xonalar tashkil qilingan.

Dunyo avtomobil sanoatida bitta qoida mavjud: raqibni tahlil qilmagan kompaniya rivojlana olmaydi.

Jizzaxdagi ushbu muhandislik maktabida birinchi marta mahsulotni texnik-analitik solishtirish, xarajatlarni modellashtirish (cost modeling), ishlab chiqarishni optimallashtirish, jarayonlarni global standartlar bilan taqqoslash kabi koʻnikmalar ham oʻrgatilmoqda.

Muhandislik maktabi faqat talabalar uchun emas, balki sohada faoliyat yuritish istagidagi yoshlar va mutaxassislar uchun ham ochiq. Bu yerda malaka oshirish dasturlari, boshlangʻich kasbiy tayyorgarlik kurslari va tadbirkorlar uchun amaliy oʻquv modullari tashkil etilgan. Ularda ilgʻor mutaxassislar va ishlab chiqarish korxonalarining tajribali muhandislari faol ishtirok etadi.

Maktabning asosiy maqsadi – talabani tayyor kadr sifatida ish joyiga borishidan oldin amaliyot muhitiga olib kirishdan iborat. Natijada bitiruvchilar bozor talablariga toʻliq javob beradigan, yetuk va raqobatbardosh mutaxassisga aylanadi.

Qo'shimcha rasm 1 Qo'shimcha rasm 2 Qo'shimcha rasm 3