Ushbu tadbirda yoshlar orasida axborot xavfsizligi bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarni mustahkamlash, internet hamda ijtimoiy tarmoqlardan xavfsiz va mas’uliyat bilan foydalanish madaniyatini rivojlantirishga qaratildi. Tadbirni o‘quv ishlari bo‘yicha prorektor M. Ochilov ochib, mehmonlar va ishtirokchilarni tanishtirdi hamda bugungi kunda kiberxavfsizlik masalalari tobora dolzarb ahamiyat kasb etayotganini ta’kidladi.
Tadbirda Jizzax viloyat IIB axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi boshlig‘i podpolkovnik Sh. Qosimov, O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi Jizzax viloyati boshqarmasi boshlig‘i M. Rahmonberdiyev, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Jizzax viloyati Kengashi raisi A. Rabbimov, fakultet dekanlari, tyutorlar hamda talaba-yoshlar ishtirok etdi.
Mutaxassislar o‘z chiqishlarida raqamli texnologiyalar rivoji bilan birga kiberjinoyatchilik, onlayn firibgarlik va shaxsiy ma’lumotlar xavfsizligiga tahdidlar ortib borayotganini misollar orqali tushuntirib, yoshlarni internetdan oqilona foydalanishga chaqirdi. Talabalarga ikki bosqichli autentifikatsiyani yoqish, kuchli parollar yaratish, shubhali havolalardan ehtiyot bo‘lish, moliyaviy operatsiyalarda hushyorlikni saqlash hamda shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi.
Tadbir yakunida yoshlar orasida axborot xavfsizligi madaniyatini yanada rivojlantirish, fakultetlar kesimida muntazam seminar va treninglar o‘tkazish zarurligi alohida ta’kidlandi. Mazkur uchrashuv talabalar ongida kiberxavfsizlikka nisbatan mas’uliyatli yondashuvni shakllantirish, internetdan xavfsiz foydalanish ko‘nikmalarini mustahkamlash hamda onlayn tahdidlarga qarshi ongli munosabatni rivojlantirishga xizmat qiladi.