Bugun, Jizzax politexnika institutida Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi Jizzax viloyat bo‘limi tomonidan “Milliy qadriyatlar atlasi” kitob-albomining tantanali taqdimoti tashkil etildi.
Mazkur loyiha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida 2023-yil 22-dekabr kuni o‘tkazilgan Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida belgilangan vazifalar ijrosi doirasida amalga oshirilgan. Loyiha kitob-albom, maxsus veb-platforma hamda mobil ilovani o‘z ichiga olgan yagona tizimli majmua sifatida ishlab chiqilgan.
Tadbirda Jizzax viloyati hokimi o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i Gulnora Normurodova, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bo‘limi rahbari Iqboloy Umarova, “Ma’rifat” targ‘ibotchilari jamiyati a’zosi Shuxrat Turatov, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi rahbari Mehribon Abdurahmonova, Sharof Rashidov nomidagi viloyat axborot-kutubxona markazi rahbari Xafiza Qudratova, JizPI Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori Sanobar Eshbekova hamda talaba-yoshlar ishtirok etdi.
Taqdimot jarayonida “Milliy qadriyatlar atlasi”da Yangi O‘zbekistonning milliy qadriyatlari, urf-odatlar, marosimlar, bayramlar, milliy o‘yinlar hamda milliy-tabiiy va milliy-badiiy meros 8 ta asosiy yo‘nalish bo‘yicha yoritilgani ta’kidlandi. Nashr o‘zbek, ingliz va rus tillarida chop etilgani alohida e’tirof etildi.
🎭 Tadbir doirasida fakultet talabalari tomonidan milliy qadriyatlarimizni targ‘ib etuvchi badiiy chiqishlar namoyish etildi:
🔘 Milliy liboslar podyumi – Sanoat texnologiyalari fakulteti
🔘 Yigitlar ijrosida milliy raqs – Kibersport fakulteti
🔘 “Kelin salom” marosimi – Qurilish muhandisligi fakulteti
🔘 Qizlar ijrosida milliy raqs – Transport muhandisligi fakulteti
🔘 Milliy qadriyatlar namoyishi – Energetika muhandisligi fakulteti
Tadbir yakunida loyiha yoshlar, ayniqsa texnik va muhandislik yo‘nalishlarida tahsil olayotgan talabalar uchun muhim ma’naviy manba ekani ta’kidlandi. Zero, bilim va texnika ma’naviyat bilan uyg‘unlashgandagina barqaror taraqqiyotga erishish mumkin.