Prezidentimiz tomonidan yoshlar bilan o‘tkazilgan ochiq muloqotda har haftaning payshanba kunini yoshlar masalalariga bag‘ishlash, ularning muammolari, tashabbus va takliflarini bevosita o‘rganish hamda manzilli ishlash tizimini yanada kuchaytirish zarurligi alohida ta’kidlangan edi.
Mazkur vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida Jizzax politexnika institutida talaba-yoshlar bilan uchrashuv tashkil etildi.
Tadbirda Jizzax viloyati hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Zafar Azimov, Markaziy bankning Jizzax viloyati boshqarmasi rahbari Salohiddin Botirov, “O‘zmilliybank” AJ viloyat banki rahbari Nurulla Islamov, Jizzax politexnika instituti rektori Alisher Usmankulov hamda talaba-yoshlar ishtirok etdilar.
Uchrashuv davomida “Kelajakka qadam” loyihasining taqdimoti o‘tkazildi. Tadbir jarayonida talabalarga korxona va tashkilotlarda ishga joylashish tartibi, mavjud imkoniyatlar, mehnat bozorida talab etilayotgan kasbiy ko‘nikmalar hamda amaliy tavsiyalar yuzasidan batafsil ma’lumot berildi.
Shuningdek, talaba-yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislar tomonidan atroflicha javob oldilar hamda soha vakillari bilan bevosita muloqot qilish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.
Mutasaddilar bitiruvchilarni mavjud imtiyoz va davlat dasturlaridan samarali foydalanishga, o‘z biznes g‘oyalarini ro‘yobga chiqarish hamda tadbirkorlik faoliyatini boshlashga chaqirdilar.
Mazkur uchrashuv yoshlarning bandligini ta’minlash, ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash hamda davlat va yoshlar o‘rtasidagi ochiq muloqotni yanada mustahkamlashga xizmat qildi.