Bugun Jizzax politexnika institutida “Giyohvandlik va psixotrop moddalarning noqonuniy muomalasiga qarshi kurashish” mavzusida profilaktik tadbir tashkil etildi.
Tadbirda Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektor S. Eshbekova, Talabalar orasida ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlashga mas’ul bo‘lgan rektor maslahatchisi N. Abduraxmonov, Transport muhandisligi fakulteti dekani M. Mirzabekov, institut profilaktika inspektori N. Rasulova hamda talaba-yoshlar ishtirok etdi.
Tadbir davomida yoshlarga giyohvandlik va psixotrop moddalarning inson salomatligiga, ruhiy holatiga hamda jamiyat taraqqiyotiga salbiy ta’siri haqida atroflicha ma’lumot berildi.
Shuningdek, mazkur illatning kelib chiqish sabablari, uning oldini olish choralari hamda qonunchilikda belgilangan javobgarlik masalalari yuzasidan tushuntirish ishlari olib borildi.
Ma’ruzachilar tomonidan yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish, bo‘sh vaqtni mazmunli tashkil qilish, sport va ma’rifiy tadbirlarda faol ishtirok etish muhimligi alohida ta’kidlandi.
Shuningdek, zararli odatlarga qarshi immunitetni shakllantirishda oila, ta’lim muassasasi va jamoatchilik hamkorligining ahamiyati qayd etildi.
Tadbir yakunida talaba-yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollariga mutaxassislar tomonidan batafsil javob oldilar. Bunday profilaktik uchrashuvlar yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklarning oldini olish, sog‘lom ijtimoiy-ma’naviy muhitni mustahkamlash hamda ularni turli zararli illatlardan asrashga xizmat qiladi.