O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida (https://t.me/Press_Secretary_Uz/6889) belgilangan topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida Jizzax politexnika instituti tomonidan Jizzax viloyatidagi 41 ta “og‘ir” toifaga kiritilgan mahalla uchun master rejalar ishlab chiqish ishlari amalga oshirilmoqda.
Mazkur jarayonni samarali tashkil etish maqsadida institutda maxsus shtab tuzilib, mas’ul tashkilotlar hamda mahalliy hokimliklar bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yildi. Ishchi guruhlar tomonidan mahallalarning hududiy rivojlanish darajasi, infratuzilma holati, ijtimoiy-iqtisodiy ko‘rsatkichlari atroflicha o‘rganilmoqda. Shuningdek, yo‘l-transport va muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini takomillashtirish, yashil hududlarni kengaytirish, ijtimoiy obyektlar barpo etish hamda kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilgan aniq takliflar ishlab chiqilmoqda.
Jumladan, G‘allaorol tumani Sovruk MFY hududida Jizzax politexnika instituti professor-o‘qituvchilari hamda yuqori bosqich talabalari ishtirokida shakllantirilgan ishchi guruh tomonidan o‘rganish ishlarining ikkinchi bosqichi yakunlanib, loyiha taqdimoti tashkil etildi.
Taqdimot davomida hudud infratuzilmasini yaxshilash va aholi turmush sharoitlarini oshirishga qaratilgan quyidagi loyiha takliflari ko‘rib chiqildi:
🔹Sovruk MFY uchun yangi ma’muriy bino qurish;
🔹Savdo va xizmat ko‘rsatish markazini barpo etish;
🔹Mini stadion tashkil etish;
🔹3-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabiga 180 o‘rinli qo‘shimcha o‘quv binosi qurish;
🔹Sport va madaniyat zalini barpo etish;
🔹Markaziy ko‘chani asfaltlash;
🔹Yangi ko‘prik qurish.
Shuningdek, mahallada yangi ish o‘rinlari yaratish maqsadida mavjud binoni rekonstruksiya qilish orqali unda gilam to‘qish sexi hamda hunarmandlar markazini tashkil etish taklifi ilgari surildi.
Mazkur master reja loyihalari hudud infratuzilmasini modernizatsiya qilish, aholi bandligini ta’minlash, turmush farovonligini oshirish hamda mahallaning iqtisodiy salohiyatini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.