Jizzax politexnika institutida 8-mart — Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan bayram tadbiri tashkil etildi.
Tadbirda institut rahbariyati, professor-o‘qituvchilar, xodimlar hamda talaba-yoshlar ishtirok etdi. Bayram tadbiri O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi ijrosi bilan boshlandi.
Tadbir davomida Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektor S. Eshbekova so‘zga chiqib, yig‘ilganlarga institut rektorining bayram tabrigini yetkazdi hamda barcha xotin-qizlarni ushbu qutlug‘ sana bilan samimiy muborakbod etdi.
Shuningdek, jamoa ishiga sadoqati, fidokorona mehnati, talaba-yoshlarni ilm-fan sirlarini egallashga yo‘naltirishdagi xizmatlari hamda bayram munosabati bilan bir qator professor-o‘qituvchilar va xodimalar faxriy yorliq hamda qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi. Shu bilan birga, o‘qishdagi yuqori natijalari, namunali xulqi, iste’dodi, tashabbuskorligi hamda jamoatchilik faoliyatidagi yutuqlari bilan ajralib turgan iqtidorli talaba-qizlar ham Kasaba uyushmasi tomonidan munosib rag‘batlantirildi.
Tadbir davomida talabalar tomonidan tayyorlangan badiiy chiqishlar namoyish etilib, bayramga yanada ko‘tarinki ruh bag‘ishlandi.
Shuningdek, tadbir doirasida “Zulfiyaxonim qizlari” ko‘rik-tanlovi ham tashkil etildi. Tanlov quyidagi shartlar asosida o‘tkazildi:
I-shart — Tanishtiruv.
Ishtirokchi qizlar o‘zlari haqida ma’lumot berib, o‘z faoliyati va qiziqishlarini tanishtirdi.
II-shart — Savol-javob.
Ishtirokchilarga Uvaysiy, Nodirabegim, Zulfiya hamda Halima Xudoyberdiyeva hayoti va ijodiga oid savollar berildi.
III-shart — Sport yutuqlari.
Ishtirokchilar sport sohasida erishgan natijalari haqida videorolik taqdim etdilar.
IV-shart — “Karving” san’ati.
Mevalarni bezash orqali ishtirokchilarning ijodiy mahorati namoyish etildi.
V-shart — Erkin mavzu.
Ishtirokchilar o‘z iqtidorlarini erkin yo‘nalishda namoyon etdilar.
Tanlov yakunlariga ko‘ra quyidagi talabalar faxrli o‘rinlarni egalladi:
Oliy o‘rin: Tarmasheva Sevinch — Transport muhandisligi fakulteti talabasi
1-o‘rin: Kiyamova Arofat — Sanoat texnologiyalari fakulteti talabasi
2-o‘rin: Toshmatova Gulnoza — Qurilish muhandisligi fakulteti talabasi
3-o‘rin: Sharipova Gulsevar — Kibersport fakulteti talabasi
Shuningdek, quyidagi nominatsiyalar bo‘yicha ham g‘oliblar aniqlandi:
“Eng iqtidorli qiz” nominatsiyasi: Mardiyeva Bibisora — Energetika muhandisligi fakulteti talabasi
“Eng tashabbuskor qiz” nominatsiyasi: Egamqulova Raxima — Sanoat texnologiyalari fakulteti talabasi.
Mazkur tanlovda faol ishtirok etib, g‘oliblikni qo‘lga kiritgan ishtirokchilar diplom hamda qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.
Bayram tadbiri samimiy tabriklar, badiiy chiqishlar va ko‘tarinki kayfiyat bilan yakunlandi.