O‘zbekiston–Vengriya INNO Science Park ochilish marosimidan so‘ng tadbir doirasida yalpi yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilish O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi ijrosi bilan boshlandi.
Tadbir davomida ikki davlat vakillari hamda oliy ta’lim muassasalari rahbarlari so‘zga chiqib, mazkur ilmiy parkning tashkil etilishi va uning ilm-fan hamda innovatsiyalar rivojidagi ahamiyati haqida fikr-mulohazalar bildirdilar.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov o‘z nutqida INNO Science Park O‘zbekiston va Vengriya o‘rtasidagi ilmiy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishini ta’kidladi. Shuningdek, ushbu loyiha ilm-fan, ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasini kuchaytirishda muhim platforma bo‘lib xizmat qilishini qayd etdi.
Jizzax viloyati hokimi o‘rinbosari Zafar Azimov esa mazkur ilmiy park hudud iqtisodiyoti hamda innovatsion rivojlanishida muhim o‘rin tutishini ta’kidlab, bu yerda yangi texnologiyalar, startap loyihalar va ilmiy ishlanmalarni amaliyotga joriy etish uchun keng imkoniyatlar yaratilganini alohida qayd etdi.
Vengriyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Yojef Roja o‘z nutqida ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar tobora mustahkamlanib borayotganini ta’kidlab, INNO Science Park ilmiy, ta’limiy va innovatsion hamkorlikni yanada kengaytirishga xizmat qilishini bildirdi.
Vengriya Rektorlar konferensiyasi prezidenti Bela Merkeli ushbu tashabbus universitetlar o‘rtasidagi ilmiy aloqalarni rivojlantirish, talaba va olimlar almashinuvini kengaytirish hamda qo‘shma tadqiqotlarni amalga oshirish uchun muhim imkoniyatlar yaratishini ta’kidladi.
Shuningdek, Obuda universiteti rektori Levente Kovach INNO Science Park universitetlar, ilmiy markazlar hamda sanoat korxonalari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qilishini qayd etib, qo‘shma ilmiy loyihalar va innovatsion startaplarni qo‘llab-quvvatlash borasidagi hamkorlik yanada kengayishini alohida ta’kidladi.
Yig‘ilish davomida Jizzax politexnika instituti rektori Alisher Usmankulov institut faoliyati haqida batafsil ma’lumot berib, mazkur ilmiy park ikki davlat universitetlari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash, ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish hamda yangi innovatsion tashabbuslarni amalga oshirish uchun keng imkoniyatlar yaratishini ta’kidladi.