O‘zbekiston–Vengriya INNO Science Park ochilish marosimi (https://t.me/jizpi_online/53978) doirasida ikki mamlakat o‘rtasidagi ilmiy va ta’limiy hamkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgan muhim hujjatlar imzolandi.
Xususan, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Vengriyaning Obuda universiteti, Jizzax politexnika instituti hamda Toshkent kimyo-texnologiya instituti o‘rtasida Inno ilmiy parkini hamkorlikda boshqarish to‘g‘risidagi hamkorlik memorandumi imzolandi. Mazkur kelishuv ilmiy park faoliyatini samarali tashkil etish, innovatsion loyihalarni qo‘llab-quvvatlash hamda ilm-fan, ta’lim va ishlab chiqarish o‘rtasidagi integratsiyani mustahkamlashga xizmat qiladi.
Shuningdek, tadbir davomida Vengriyaning Obuda universiteti hamda Jizzax politexnika instituti o‘rtasida talabalar va ilmiy kadrlarni hamkorlikda tayyorlash bo‘yicha hamkorlik memorandumi ham imzolandi. Ushbu kelishuv doirasida qo‘shma ta’lim dasturlari, akademik almashinuv, ilmiy tadqiqotlar hamda xalqaro darajadagi mutaxassislarni tayyorlash bo‘yicha hamkorlikni kengaytirish rejalashtirilmoqda.
Mazkur hujjatlarning imzolanishi O‘zbekiston va Vengriya o‘rtasida oliy ta’lim, ilm-fan va innovatsiyalar sohasidagi strategik hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishi, shuningdek, zamonaviy ilmiy ishlanmalarni amaliyotga joriy etish va innovatsion ekotizimni rivojlantirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.