Tantanali marosimdan so‘ng mehmonlar uchun INNO Science Park binosi bo‘ylab ekskursiya tashkil etildi. Unda ilmiy parkning zamonaviy infratuzilmasi, laboratoriyalari hamda innovatsion faoliyat uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishildi.
Ma’lum qilinishicha, INNO Science Park doirasida muhandislik, energetika, sun’iy intellekt, mashinasozlik, elektronika va avtomatlashtirish, uchuvchisiz uchish apparatlari, materialshunoslik, kimyoviy texnologiyalar, oziq-ovqat xavfsizligi hamda tibbiy texnologiyalar kabi ustuvor yo‘nalishlarda ilmiy tadqiqotlar va innovatsion ishlanmalarni amalga oshirish rejalashtirilgan.
Shuningdek, ilmiy park hududida zamonaviy laboratoriyalar tashkil etilib, startap loyihalarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan biznes-inkubator va akselerator mexanizmlarini yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilgan. Mazkur tashabbuslar ilmiy ishlanmalarni amaliyotga joriy etish, yosh tadqiqotchilar va innovatorlarning g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash hamda yuqori texnologiyali loyihalarni rivojlantirishga xizmat qiladi.