O‘zbekiston–Vengriya rektorlarining uchinchi forumi doirasida forum ishtirokchilari Jizzax politexnika institutiga tashrif buyurdi.
Tashrif doirasida mehmonlar institutning Avtomobilsozlik muhandislik maktabi hamda Muqobil energiyalarni tadqiq etish ilmiy-amaliy markazi faoliyati bilan yaqindan tanishdilar. Delegatsiya a’zolariga mazkur yo‘nalishlarda amalga oshirilayotgan ilmiy-tadqiqot ishlari, zamonaviy laboratoriya jihozlari, innovatsion ishlanmalar va amaliy loyihalar haqida batafsil ma’lumot taqdim etildi.
Uchrashuv davomida ikki davlat oliy ta’lim muassasasi o‘rtasida ta’lim va ilmiy hamkorlikni kengaytirish, qo‘shma loyihalarni yo‘lga qo‘yish, professor-o‘qituvchilar va talabalar almashinuvini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Mazkur tashrifning asosiy maqsadi O‘zbekiston va Vengriya oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada mustahkamlash hamda ilm-fan va innovatsiyalar sohasida tajriba almashinuvini kengaytirishdan iborat bo‘ldi.