Jizzax politexnika institutida “Ibrat farzandlari”, “UZChess”, “Mutolaa” hamda “Ustoz AI” loyihalari rahbarlari ishtirokida talaba-yoshlar bilan ochiq muloqot tashkil etildi.
Uchrashuv davomida ta’lim sifati, kitobxonlik madaniyatini oshirish, shaxmat sportini rivojlantirish, zamonaviy texnologiyalar hamda sun’iy intellekt sohasida yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar yuzasidan fikr almashildi. Loyiha rahbarlari o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashib, yoshlarni doimiy ravishda bilim olishga, innovatsion g‘oyalarni ilgari surishga va o‘z ustida izchil ishlashga undadi.
Shuningdek, tadbir doirasida startap tashabbuskorlari hamda venchur fondlari vakillari ishtirokida alohida uchrashuv o‘tkazildi. Unda istiqbolli innovatsion loyihalarni qo‘llab-quvvatlash, investitsiyalarni jalb etish, startap ekotizimini rivojlantirish hamda amaliy hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Mazkur uchrashuv yoshlarning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, ularning innovatsion salohiyatini ro‘yobga chiqarish va yangi loyihalarni hayotga tatbiq etishda muhim ahamiyat kasb etadi.