Img
18-Mart, 2026-yil

“Navro‘z qadriyatlari” mavzusida rasmlar tanlovi o‘tkazildi

Bugun Jizzax politexnika institutida talaba-yoshlar o‘rtasida “Navro‘z qadriyatlari” mavzusida rasmlar tanlovi yuqori saviyada tashkil etildi. Mazkur ijodiy tanlov yurtimizda keng nishonlanadigan Navro‘z bayrami arafasida o‘tkazilib, yoshlar qalbida milliy qadriyatlarimizga hurmat va e’tibor tuyg‘ularini yanada mustahkamlashga xizmat qildi.

Tanlovning asosiy maqsadi talaba-yoshlar o‘rtasida milliy an’ana va qadriyatlarni keng targ‘ib qilish, ularning ijodiy qobiliyatlarini rivojlantirish, badiiy tafakkurini boyitish hamda Navro‘z bayramining mazmun-mohiyatini san’at orqali ifodalashga ko‘maklashishdan iborat bo‘ldi.

Tanlovda institutning turli fakultetlaridan saralab olingan iqtidorli talaba-yoshlar ishtirok etdi. Ishtirokchilar o‘zlari olib kelgan rasm chizish anjomlari yordamida Navro‘z bayramining turli jihatlari — sumalak sayillari, milliy o‘yinlar, bahoriy tabiat manzaralari, mehr-oqibat va hamjihatlik g‘oyalarini o‘z ijodiy ishlarida mahorat bilan aks ettirdilar. Har bir asarda muallifning o‘ziga xos yondashuvi, tasavvur kengligi hamda badiiy didi yaqqol namoyon bo‘ldi.

Tanlov jarayonida hakamlar hay’ati tomonidan ishtirokchilarning ishlari belgilangan mezonlar asosida xolisona baholandi. Jumladan, mavzuning to‘liq yoritilganligi, kompozitsion yechim, ranglar uyg‘unligi hamda ijodiy yondashuv darajasi asosiy mezon sifatida e’tiborga olindi.

Yakuniy natijalarga ko‘ra quyidagi talaba-yoshlar g‘olib va sovrindor deb topildi:

🥇 1-o‘rin – Energetika muhandisligi fakulteti 421-25 MvaS yo‘nalishi talabasi Abdurazoqova Mushtariy G‘ayrat qizi;
🥈 2-o‘rin – Qurilish muhandisligi fakulteti 721-25 ARX yo‘nalishi talabasi Qo‘shnazarova Muhlisa G‘ulomovna;
🥉 3-o‘rin – Qurilish muhandisligi fakulteti 232-23 Arxitektura yo‘nalishi talabasi Erkinov Siddiqjon Ilhom o‘g‘li.

Shuningdek, tanlovda faol ishtirok etgan boshqa talaba-yoshlarning ijodiy ishlari ham alohida e’tirof etilib, ularning izlanishlari yuqori baholandi.

Qo'shimcha rasm 1 Qo'shimcha rasm 2 Qo'shimcha rasm 3