Img
19-Mart, 2026-yil

Bitiruvchi yoshlar bilan ochiq muloqot o‘tkazildi

Jizzax politexnika institutida bitiruvchilarning bandligini ta’minlash masalasi bo‘yicha Boshqaruv samaradorlik agentligi Jizzax viloyati boshqarmasi vakillari bilan uchrashuv tashkil etildi.

Mazkur uchrashuv talaba-yoshlarni kelajak kasbiy faoliyatiga yo‘naltirish, ularning bandligini ta’minlash hamda zamonaviy mehnat bozori talablariga mos mutaxassislarni tayyorlashga qaratilgani bilan alohida ahamiyat kasb etdi.

Uchrashuvda Boshqaruv samaradorlik agentligi Jizzax viloyati boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Baxrom Yaxshiboyev, agentlik bosh inspektori Jahongir Bobobekov hamda bosh inspektor Zayniddin Beknazarovlar ishtirok etib, o‘z yo‘nalishlari doirasida muhim ma’lumot va tavsiyalar bilan o‘rtoqlashdilar.

Tadbir davomida bitiruvchilarning bandligini ta’minlash, ularni davlat organlari va tashkilotlariga ishga joylashtirish tartibi, mavjud vakant o‘rinlar hamda tanlov asosida ishga qabul qilish jarayonlari haqida batafsil tushuntirishlar berildi. Shuningdek, yosh mutaxassislar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar, ularning kasbiy ko‘nikmalarini rivojlantirish, malaka oshirish va tajriba orttirish yo‘llari haqida ham so‘z yuritildi.

Uchrashuvda yoshlarning xorijda tahsil olishi, nufuzli oliy ta’lim muassasalarida bilim olish imkoniyatlari hamda “El-yurt umidi” jamg‘armasi orqali berilayotgan grantlar va stipendiyalar haqida keng qamrovli ma’lumotlar taqdim etildi. Ishtirokchilarga ariza topshirish tartibi, tanlov bosqichlari va talab etiladigan hujjatlar yuzasidan ham batafsil tushuntirishlar berildi.

Tadbir yakunida talaba-yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javob olishdi, mutaxassislar bilan ochiq muloqot olib borishdi hamda kelgusida ishga joylashish va o‘qishni davom ettirish borasida muhim tavsiyalar oldilar. Ushbu uchrashuv yoshlarning kelajak rejalari va kasbiy yo‘nalishini aniq belgilashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Qo'shimcha rasm 1 Qo'shimcha rasm 2 Qo'shimcha rasm 3