Jizzax shahridagi “Yoshlar” shaharchasida 21-mart – Navroʻz umumxalq bayrami munosabati bilan tantanali tadbirlar va xalq sayillari yuqori kayfiyatda davom etmoqda. Maydon bahor nafasi, milliy kuy-qoʻshiqlar va qadriyatlarimizni aks ettiruvchi rang-barang chiqishlar bilan yanada fayzli tus oldi.
Viloyat hokimi Ulugʻbek Mustafoyev bayram oʻtkazilayotgan hududga tashrif buyurib, olim va olimalarning ishlari, milliy koʻrgazmalar, hunarmandchilik mahsulotlari rastalari hamda doshqozonlarda tayyorlanayotgan sumalak va boshqa bahoriy taomlar bilan yaqindan tanishdi.
Bayram davomida nuroniylar, yoshlar va mehmonlar bilan samimiy suhbatlar oʻtkazilib, barchaga ezgu tilaklar bildirildi. Navroʻz — bu nafaqat bahorning kirib kelishi, balki mehr-oqibat, yangilanish va birlik ramzi sifatida qalblarga iliqlik ulashadigan muqaddas ayyomdir.
Mazkur tantanalarda Jizzax politexnika instituti jamoasi va talaba-yoshlari institut rahbariyati boshchiligida faol ishtirok etib, bayram shukuhiga oʻz hissalarini qoʻshmoqdalar.