Img
27-Mart, 2026-yil

Jizzax politexnika institutida “Karyera kuni” mehnat va amaliyot yarmarkasi bo‘lib o‘tdi

Mamlakatimizda yosh avlodni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularga sifatli ta’lim berish, kasb-hunar o‘rgatish hamda munosib ish bilan ta’minlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. So‘nggi yillarda ushbu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar o‘zining ijobiy natijalarini bermoqda.

Mazkur jarayonlarning amaliy ifodasi sifatida Jizzax politexnika institutida talabalar va bitiruvchilarning bandligini ta’minlash, ularni mehnat bozoriga samarali integratsiya qilish maqsadida “Karyera kuni” mehnat va amaliyot yarmarkasi tashkil etildi.

Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan oliy ta’lim bitiruvchilari bandligini ta’minlash yuzasidan belgilangan ustuvor vazifalar hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining tegishli buyrug‘i ijrosini ta’minlash doirasida o‘tkazildi.

📊 Ma’lumot uchun, 2026-yilda institutni:
• 32 ta bakalavriat ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha — 1969 nafar
• 20 ta magistratura mutaxassisligi bo‘yicha — 71 nafar
👉 jami 2040 nafar talaba bitirishi kutilmoqda.

Ularning 1253 nafari Jizzax viloyatidan bo‘lib, bu hudud mehnat bozorini malakali kadrlar bilan ta’minlash imkoniyati yuqori ekanligini ko‘rsatadi.

Shu bilan birga, joriy yilning fevral–mart oylarida bitiruvchilar bandligini ta’minlash va ularni tadbirkorlikka yo‘naltirish bo‘yicha qator amaliy ishlar amalga oshirildi. Xususan, tijorat banklari bilan hamkorlikda imtiyozli kreditlar ajratish masalalari yuzasidan uchrashuvlar tashkil etilib, yoshlarning nafaqat ishchi, balki tadbirkor sifatida shakllanishiga alohida e’tibor qaratildi.

🤝 Tadbir davomida institut rahbariyati va professor-o‘qituvchilar ishtirokida bitiruvchilar bilan ochiq muloqotlar o‘tkazilib, ularning bandligini ta’minlash yuzasidan tuzilgan uch tomonlama shartnomalar tahlil qilindi hamda individual yondashuv asosida muammolar o‘rganildi.

🏢 Yarmarkada Jizzax viloyatidagi 40 dan ortiq yetakchi tashkilot va korxonalar ishtirok etib, talabalar va bitiruvchilarga mavjud bo‘sh ish o‘rinlari hamda amaliyot imkoniyatlarini taqdim etdilar.

Ayni paytda bitiruvchilar bilan uch tomonlama shartnomalar tuzish jarayoni izchil davom etmoqda.

✨ “Karyera kuni” — yoshlar va ish beruvchilar o‘rtasida samarali muloqot o‘rnatish, kelajakdagi hamkorliklar uchun mustahkam zamin yaratishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Qo'shimcha rasm 1 Qo'shimcha rasm 2 Qo'shimcha rasm 3