Jizzax politexnika instituti rektori, texnika fanlari doktori, professor Alisher Usmankulov muntazam ravishda talabalar turar joylariga tashrif buyurib, institutda talabalar uchun barcha zarur sharoitlarni yaratish hamda ularning muammolarini joyida hal etish bo‘yicha qator ishlarni amalga oshirib kelmoqda.
Jumladan, “Rektor yotoqxonada — bir kun, bir tun” loyihasi doirasida institut rektori 4-sonli talabalar turar joyida bo‘ldi.
Tadbir Navro‘z bayrami shukuhi bilan uyg‘un holda, chinakam bayramona muhitda o‘tdi. Talabalar tomonidan dasturxonlar bahoriy taomlar bilan bezatilib, doshqozonlarda milliy taomlar tayyorlandi. Tadbirda prorektorlar, fakultet dekanlari, kafedra mudirlari, professor-o‘qituvchilar hamda talaba-yoshlar ishtirok etdi.
Dastur davomida iqtidorli talabalarning badiiy chiqishlari, milliy qadriyatlarimizni aks ettiruvchi sahna ko‘rinishlari, qo‘shiqlar va raqslar namoyish etildi. Shuningdek, milliy sport o‘yinlari — arqon tortish, tosh ko‘tarish, shaxmat-shashka hamda futbol musobaqalari tashkil etilib, barchaga yuqori kayfiyat ulashdi. Tadbir ishtirokchilari qalbida unutilmas taassurotlar qoldirdi.
Bayramdan so‘ng rektor talabalar bilan bevosita uchrashuv o‘tkazib, ochiq va samimiy muloqot olib bordi. Suhbat davomida talabalar turmushi, kundalik muammolari va ehtiyojlari tinglanib, mavjud masalalarni hal etish bo‘yicha aniq choralar belgilandi.
Institut rahbariyatining talabalar turar joylariga tashriflari har hafta tizimli ravishda davom etadi.