Jizzax politexnika institutida Xalqaro Turon fanlar akademiyasining Jizzax filiali tomonidan 2026-yil 4-aprel kuni “Sun’iy intellekt davrida milliy o‘zlikni anglash: Turon tarixiy merosi va zamonaviy rivojlanish” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya yuqori saviyada tashkil etildi.
Mazkur nufuzli anjumanda respublikamiz hamda xorijiy oliy ta’lim muassasalari vakillari, yetuk olimlar va mutaxassislar ishtirok etib, dolzarb ilmiy yo‘nalishlar yuzasidan o‘z ma’ruzalari va ilmiy ishlari bilan qatnashdilar.
Konferensiya davomida so‘zga chiqqanlar tomonidan mazkur anjumanning dolzarbligi alohida ta’kidlandi. Xususan, sun’iy intellekt rivojlanayotgan davrda milliy o‘zlikni anglash, boy tarixiy merosimizni chuqur o‘rganish va uni zamonaviy yondashuvlar asosida rivojlantirish bugunning eng muhim vazifalaridan biri ekanligi qayd etildi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan “Boy tarix — buyuk kelajak” tamoyili asosida, ajdodlarimiz merosini o‘rganish va uni keng targ‘ib etish ilm-fan vakillari zimmasidagi muhim mas’uliyat ekani alohida e’tirof etildi. Ta’kidlanganidek, sun’iy intellekt va zamonaviy texnologiyalar milliy o‘zligimizni yo‘qotish uchun emas, balki uni butun dunyoga keng namoyon etish uchun xizmat qilishi lozim.
Konferensiya doirasida sun’iy intellekt, milliy o‘zlik, tarixiy meros hamda zamonaviy taraqqiyot masalalari keng muhokama qilinib, ilmiy hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan muhim taklif va tavsiyalar ilgari surildi.
E’tiborlisi, mazkur anjumanga 150 tadan ortiq tezis va ilmiy maqolalar kelib tushgan bo‘lib, bu ilm-fan ahlining Turon tarixiga, milliy qadriyatlarimizga hamda zamonaviy global jarayonlarga bo‘lgan yuqori qiziqishini yaqqol namoyon etdi.
Shuningdek, konferensiyada Qozog‘iston, Indoneziya, Ozarbayjon, Tojikiston va Qirg‘iziston kabi davlatlar professor-o‘qituvchilarning faol ishtiroki ilmiy aloqalarning yanada mustahkamlanishiga xizmat qildi.
Ta’kidlanganidek, Turon fanlar akademiyasining Jizzax filiali tomonidan olib borilayotgan ilmiy izlanishlar boy tarixiy merosimizni zamonaviy texnologiyalar, xususan, sun’iy intellekt asosida tadqiq etish va uni kelajak avlodga raqamlashtirilgan shaklda yetkazishga qaratilgan.
Yakunda barcha ma’ruzachilar, professor-olimlar, yosh tadqiqotchilar hamda xorijiy hamkorlarga samimiy minnatdorchilik bildirilib, ularning ilmiy faoliyati Turon zamining buyuk o‘tmishi va yorug‘ kelajagini bog‘lovchi mustahkam ko‘prik bo‘lishiga ishonch bildirildi.